Bolalar ombudsmani mazkur holatni mutasaddi tashkilotlar bilan birga oʻrganishni boshladi.
Aniqlanishicha, 27-mart kuni Yunusobod tumani maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchisi S.X. ning onasi N.X. guruh tarbiyachisi tomonidan voyaga yetmagan farzandiga qoʻpollik qilganligi toʻgʻrisida Yunusobod tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimiga murojaat qilgan.
Murojaatda N.X. tarbiyachi S.I. kunduzgi mashgʻulot vaqtida farzandi yigʻlagani uchun bolaga qoʻpol munosabatda boʻlib, unga qoʻl koʻtargani, oqibatda farzandining qoʻlida koʻkarishlar borligini bildirgan.
Yunusobod tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi holatni oʻrganishi davomida tarbiyachi haqiqatan ham bolaga nisbatan nihoyatda qoʻpol, pedagog uchun xos boʻlmagan munosabatda boʻlganligi aniqlandi.
Mazkur maktabgacha taʼlim muassasasi maʼmuriyati tomonidan bunday nomaqbul holatlarga yoʻl qoʻymasligi zarurati taʼkidlanib, joriy yilning 29-mart kuni tarbiyachi S.I. ga nisbatan intizomiy chora koʻrildi va tarbiyachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Hozirda holat Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan oʻrganilmoqda.