Mamlakatimizda yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida tub oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Bu boradagi islohotlarning samarali hayotga tatbiq etilishi, birinchi navbatda, davlat xizmatchilariga bogʻliq. Shu bois, zamonaviy ehtiyojlarga javob beradigan davlat xizmati apparatini shakllantirish ustuvor vazifaga aylandi.

“Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun bu borada muhim dasturilamal boʻlayotir. Mazkur qonunning qabul qilinishi “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan tamoyilni toʻla roʻyobga chiqarish, davlat fuqarolik xizmatining tashkiliy-huquqiy mexanizmini tartibga solish uchun mustahkam huquqiy poydevor boʻldi.

Qonunda belgilangan vazifalarni roʻyobga chiqarish maqsadida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Xususan, bugungi kunga kelib davlat organlari va tashkilotlaridagi rahbarlik lavozimlari uchun kadrlar zaxirasini shakllantirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan maxsus dastur asosida milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar uchun qisqa muddatli malaka oshirish kursi tashkil etilyapti.

Navbatdagi kursda Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Toshkent, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahridan milliy kadrlar zaxirasiga olingan nomzodlar malaka oshirdi.

Oʻquv davomida ham nazariy, ham amaliy mashgʻulotlar tashkil etildi. Mashgʻulotlarni tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, Davlat boshqaruvi akademiyasi professor-oʻqituvchilari olib bordi.

Tinglovchilarga “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun mazmun-mohiyati, zamonaviy rahbar qiyofasi, hokimlik institutining institutsional va funksional jihatlari, mahallalardagi hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar xususida bilim va koʻnikma berildi. Davlat xizmatida jamoatchilik bilan aloqalar va media savodxonlik kabi bir qator muhim yoʻnalishlarda bugungi kun rahbarlari uchun zarur maʼlumotlar taqdim etildi, masʼul rahbarlar bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi. Konstruktiv ruhda oʻtgan ochiq muloqotlarda tizimdagi mavjud muammolar haqida fikrlashildi, tinglovchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi, takliflar berdi.

– Mazkur oʻquv jarayonida tinglovchilarning davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimi, korrupsiyaga qarshi kurash, davlat xizmatini raqamlashtirish, boshqaruv mahorati yoʻnalishlaridagi intellektual va professional salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bosh inspektori Temur Abdullayev. – Ushbu oʻquv kursini yakunlagan nomzodlar kelgusida vazirlik va idoralarda tajriba orttirish maqsadida amaliyot oʻtaydi. Bu tadbirlardan koʻzlangan maqsad – respublika, tarmoq va hududiy darajalarda professional tayyorlangan samarali rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish.

– Davlat fuqarolik xizmatida, ayniqsa, rahbarlik lavozimida ishlash katta masʼuliyatli vazifa, – deydi malaka oshirish kursi tinglovchisi, Sergeli tumani hokimining birinchi oʻrinbosari Akmal Jumaboyev. – Yurtimizda bunday sharafli ishda munosib faoliyat yuritish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ammo muayyan masalalar ham borki, ularning oqilona yechimini topish rahbar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Malaka oshirish kursi bu borada boʻlajak rahbarlar uchun katta mahorat maktabi boʻldi. Olimlar va koʻp yillik tajribaga ega rahbarlar bizga oʻz bilim va tajribasini oʻrgatdi. Ish faoliyatimizda uchrayotgan muammoli vaziyatlar yuzasidan savollarimizga atroflicha javob oldik. Bu yerda orttirgan bilim va tajribamiz kelgusida hududlarni rivojlantirish boʻyicha ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni ishlab chiqib, amalga oshirishimizda nihoyatda asqotadi.

Malaka oshirish dasturidan nafaqat nazariy, balki amaliy mashgʻulotlar, madaniy-maʼrifiy tadbirlar ham oʻrin oldi. Jumladan, tinglovchilar Oʻzbek milliy akademik drama teatrida Usmon Azim asari asosida sahnalashtirilgan “Adolat fasli” tarixiy dramasini tomosha qildi.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri