Mazkur robot texnologiyasi talabalar bilim va mahoratini avtomatik tarzda baholab, xuddi bemor singari koʻrsatilgan tibbiy xizmat sifati haqida fikr bildira oladi.

Simulyatorga haqiqiy emal qattiqligiga ega rezina va plastmassa materiallardan tayyorlangan almashtiriluvchi tishlar oʻrnatilgan. U toʻrt turdagi stomatologik xizmat, yani kariyesni davolash, koronka tayyorlash, tishni olib tashlash hamda kanallarni muolaja qilishga moʻljallangan.

Mashgʻulot chogʻida talabalar amaliyot turiga koʻra, odatiy monolit yoki maxsus rangli tishlar hamda plombalardan foydalanishlari mumkin. Bu innovatsion ishlanma orqali talim oluvchilar inson tishlari tuzilishi bilan bir xil maketda tadqiqot olish imkoniga ega boʻladi.

Qolaversa, maxsus dasturlashtirilgan neyrotarmoq olib tashlangan tishlar yoki ularning burgʻulangan qismlari chuqurligi, kengligi, tekisligi va boshqa xususiyatlarini soniyalar ichida tahlil qilib, bajaruvchining mahorat va koʻnikmasini avtomatik baholaydi.

Bundan tashqari, simulyator oʻtilgan amaliy mashgʻulotlar va maruzalar mavzulari boʻyicha savollar hamda test topshiriqlari orqali talabalarning bilim darajasini tekshiradi.

Rossiyalik olimlar kelgusida tibbiyot kadrlari tayyorlash jarayonida bunday robotlardan keng foydalanishni maqsad qilgan.