2024-yilning 20-iyun kuni Prezidentimiz raisligida muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ilm-fan va sanoat integratsiyasini kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda yangi avlod yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash borasida ustuvor vazifalarni belgilab berildi.

Mazkur tashabbusning amaliy ifodasi sifatida bugungi kunda yoshlar orasida muhandislik tafakkurini ommalashtirishga qaratilgan yangi loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

2025-yildan boshlab aprel oyi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Muhandislik oyligi” deb e’lon qilinib, butun mamlakat bo‘ylab 5 mingdan ortiq iqtidorli yoshlarni birlashtiruvchi keng qamrovli tadbirlar tashkil etilib kelinmoqda.

Joriy yilning aprelida o‘tkazilgan “Muhandislik oyligi” yosh iqtidor egalarining amaliy va ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, texnik musobaqalar orqali ularning jamoada ishlash, muammolarga kreativ yechimlar ishlab chiqish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi. Texnika yo‘nalishidagi 26 ta oliygohning har birida sun’iy intellekt, robototexnika, dron, kiberxavfsizlik kabi yo‘nalishlarda “Oliygoh kubogi” tanlovi o‘tkazilib, tadbirlarga minglab yosh muhandis jalb etildi.

“Muhandislik oyligi”ning eng muhim voqealaridan biri sifatida 28–30-aprel kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivalini misol keltirish mumkin. Festival yosh, tashabbuskor va ijodkor muhandislarni bir maydonga jamlab, ularni o‘z salohiyatini namoyon etish, innovatsion loyihalarini keng jamoatchilikka taqdim etishga imkoniyat yaratdi. Mazkur festival muhandislik sohasining turli yo‘nalishlarini qamrab olgan holda, ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasini ta’minlovchi muhim platforma sifatida namoyon bo‘lgani bilan ahamiyatli.

Aviatsiya, agrotexnologiyalar, mashinasozlik, robototexnika, chip dizayn, yashil energetika, arxitektura muhandisligi kabi sohalarida respublika va xalqaro darajadagi musobaqa va amaliy sinovlar tashkil etildi.

Muhandislik sohasiga qiziqadigan minglab yoshlarni bir maydonga jamlagan mazkur yirik tadbir innovatsion g‘oyalar, texnologik yangiliklar va kuchli raqobat muhitiga boy bo‘ldi. Har bir yo‘nalishda ishtirokchilar o‘z bilim va ko‘nikmalarini amalda namoyon etib, real muammolarga innovatsion yechimlar taklif qildilar.

Har bir loyiha yuqori darajada tayyorgarlik bilan taqdim etildi. Ayniqsa, dron texnologiyalari, robotlar jangi, energiya samarador avtomobillar hamda sun’iy intellekt asosidagi ishlanmalar tomoshabinlar va ekspertlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Misol uchun, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti tayanch doktoronti Sarvara Saidmurodova tomonidan yaratilgan ishlanma ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Kam suv talab qiladigan sementlar asosida vermikulitli yengil betonlar ishlab chiqarish texnologiyasi zamonaviy qurilish materiallarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Taqdim etilgan texnologiya yordamida energiya samarador, yengil va mustahkam, yuqori issiqlik izolyatsiyasiga ega, olovbardosh hamda zilzilabardosh talablarga javob beradigan materiallar ishlab chiqarish imkoniyati kengayadi. Natijada, qurilish sohasida sifatli va xavfsiz materiallar turini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Tibbiyot muhandisligi yo‘nalishida o‘tkazilgan “AI Health” hakatoni sohadagi ko‘plab muammolarga kreativ yechim topish maqsadini o‘zdia mujassam etdi. Hakaton sun’iy intellekt texnologiyalari asosida sog‘liqni saqlash sohasida innovatsion yechimlarni ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni startap faoliyatiga jalb etish, axborot texnologiyalari va tibbiyot integratsiyasini rivojlantirish maqsad qilingan.

— Aksariyat hollarda bemorlarda davolanish jarayoni oxiriga yetkazilmaydi, — deydi Toshkent tibbiyot universiteti talabasi Bekzod Toshqulov. — O‘zini biroz yaxshi his qilgan bemor zarur dorini qabul qilishni muddatidan oldin to‘xtatadi. Bu esa kasallikning oxirigacha tuzalmay surunkali holatga o‘tishi va kasalxonalarga ortiqcha yuklamani keltirib chiqaradi. Biz taqdim etgan loyihada turli qiziqarli o‘yinlar orqali dorini o‘z vaqtini qabul qilishga o‘rgatish ko‘zda tutilgan. Bemorning dori ichish jarayoni sun’iy intellekt yordamida nazorat qilinadi.

Ishtirokchilar e’tiboriga taqdim qilingan ishlanmalardan biri — havo monitoring tizimi atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichlarini uzluksiz nazorat qilish va baholashga xizmat qiluvchi muhim texnologik yechim hisoblanadi. Mazkur tizim orqali havodagi zararli moddalar miqdori aniqlanib, ekologik holat bo‘yicha aniq va ishonchli ma’lumotlar shakllantiriladi. Natijada atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini ta’minlash hamda ekologik xavfsizlikni oshirishga qaratilgan samarali choralar ko‘rish imkoniyati yaratiladi.

Bunday izlanishlarga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Mashinasozlik yo‘nalishidagi “Yangi avlod avtomobili” musobaqasi festivalning eng diqqatga sazovor bellashuvlaridan biri bo‘ldi. Robototexnika yo‘nalishida taqdim etilgan “Robot sapyor” innovatsion ishlanmasi mamlakatimiz mudofaa tizimida sohani yanada takomillashtirishga hissa qo‘shsa ajab emas.

Namoyish etilgan texnologik loyihalar, yechimlar mamlakatimizda muhandislik salohiyati tobora yuksalib borayotganiga dalil bo‘la oladi. Bu esa yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarish, ularni qo‘llab-quvvatlash va kelajak texnologiyalarini yaratishga berilayotgan e’tibor mahsuli.

Risolat MADIYEVA,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri