Bolalarga g‘amxo‘rlik dunyoning barcha mamlakatida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Jumladan, yurtimizda ham ertamiz egalarining jismonan va ma’nan yetuk insonlar bo‘lib kamol topishi uchun barcha imkoniyat ishga solinmoqda. Ayniqsa, bolalar huquqini himoya qilishning qonuniy asoslari yaratildi.

Bu yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham mustahkamlandi. Jumladan, Bosh qonunimizda ota-onalarning farzandlari oldidagi majburiyati alohida ko‘rsatildi. Davlat va jamiyat ota-ona vasiyligidan mahrum bo‘lgan va yetim bolalarga g‘amxo‘rlikni o‘z zimmasiga olishi qayd etildi. Onalik va bolalik davlat muhofazasida ekani ta’kidlandi. Bu xalqimizning nechog‘liq bolaparvar ekaniga yana bir dalildir.

2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazishning oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlarni kuchaytirish vazifasi belgilangan. Bu borada yangi qonun loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) Surayyo RAHMONOVA bilan suhbatimiz shular xususida bo‘ldi.

— Bolalar huquqini ta’minlash dunyodagi dolzarb masalalardan biridir. Ayting-chi, bolalar huquqi ta’minlangani bo‘yicha jahon reytingida qaysi davlatlar yetakchilik qiladi? Mamlakatimiz nechanchi o‘rinda turibdi?

— Haqiqatan, bolalar huquqlarini himoya qilish dunyodagi muhim masalalardan. Shu bois, davlatimiz mustaqil bo‘lganidan keyin ratifikatsiya qilingan dastlabki hujjatlardan biri Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyadir. O‘zbekistonda aynan bolalar haq-huquqini ta’minlash jarayonida xalqaro standartlarga rioya qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Butun dunyoda, xususan, rivojlangan demokratik davlatlarda bu masalaga alohida e’tibor qaratiladi. Bu borada bir qancha reytinglar mavjud. Masalan, Bolalar taraqqiyoti bo‘yicha global indeks bolalarning farovonligi, ta’limi va ovqatlanishi, atrof-muhit sharoiti kabi parametrlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu reytingda Norvegiya 1-o‘rinda turadi. Shu bilan birga, yetakchi 10 talikdan Niderlandiya, Fransiya, Irlandiya, Daniya, Belgiya, Islandiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya va Yaponiya ham o‘rin olgan.

Yana bir xalqaro reyting — “Save the Children” voyaga yetmaganlar nikohi, erta homiladorlik, chaqaloqlar o‘limi va bolalar mehnati kabi omillarni inobatga olgan holda tayyorlanadi. Ushbu reytingda yetakchi o‘rinlarda Singapur, Shvesiya, Finlyandiya, Norvegiya, Sloveniya, Germaniya, Irlandiya, Italiya, Janubiy Koreya va Belgiya turadi. Bolalar farovonligi bo‘yicha global indeksda O‘zbekiston o‘zining pozisiyasida yuqorilab bormoqda. 2017 yilda mamlakatimiz ushbu reytingda 78-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2021 yilda 62-o‘ringa ko‘tarildi. Bu nihoyatda katta yutuq, xalqaro e’tirof, deyish mumkin. Bunda nimalar inobatga olindi? Avvalo, chaqaloqlar o‘limi kamay gani, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmayotgani, voyaga yetmaganlar nikohi bartaraf etilgani mamlakatimizning reytingdagi ko‘rsatkichi yaxshilanishida katta ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, erta homiladorlik va qator boshqa noxush holatlar bilan kurashish borasida davlat o‘zining qat’iy pozisiyasini, siyosiy irodasini ko‘rsatgani aynan shu reytingda o‘rni yuqorilashiga omil bo‘ldi.

Bu masalalarga boshqa davlatlarda ham e’tibor katta. Misol uchun, Skandinaviya davlatlarida bolalar huquqlari himoyasi hamisha eng ustuvor vazifalardan biri sanalgan. Shvesiya, Norvegiya, Daniyada ijtimoiy himoya va bolalar manfaatini himoya qilishga oid qonunlar nihoyatda yaxshi ishlaydi. Nafaqat begonalar, hatto o‘z ota-onasi va vasiylari ham bolaning shaxsiy hududiga daxl qilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, voyaga yetmaganlarni har qanday noxush holat, zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida aynan Shvesiyani eng namuna bo‘ladigan davlat, deb aytish mumkin.

— Xalqimiz bolajonligi bilan tanilgan. Biroq keyingi paytlarda uchrayotgan ayrim noxush holatlarni ko‘rib, kishida savol paydo bo‘ladi: bolajonlik bilan bolaparvarlik mohiyatan bir-biridan uzoq tushunchami?

— Bu nihoyatda chuqur yondashuv talab etadigan savol. To‘g‘ri, bolajonlik milliy qadriyatimiz, mentalitetimiz va xalqimizga xos xislat. Biroq o‘zaro yaqin bo‘lsa-da, bolajonlik va bolaparvarlik turli tushunchalardir. Chunki bolajonlik ko‘proq bolalarni sevish, ardoqlash, yaxshilik qilishga intilishda ko‘rinadi. Bu biroz mavhum tushuncha. Bolaparvarlik esa aniq, konkret xatti-harakatlarda namoyon bo‘ladi. Ya’ni bolaparvarlik har qanday vaziyatda bolani himoya qilish, manfaatlarini ustun qo‘yish, kattalarga nisbatan zaifligi, shaxs sifatida hali to‘la shakllanmagani, o‘z huquqlarini anglamasligi nuqtai nazaridan uni parvarishlash, himoya qilish yondashuvida bo‘lishni bildiradi.

— Bolalarni ota-onasining zarar yetkazuvchi xatti-harakatidan himoyalovchi normativlar qanday ishlaydi?

— Ayni paytda bolalarni himoya qilish jamiyatimiz diqqat markazidagi masala bo‘lyapti. Achinarlisi, ular nafaqat begonalar, balki o‘ziga yaqin muhitdagi yaqinlari, qarindosh-urug‘i, hatto ota-onasidan ozor ko‘rayotgan, zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgan holatlar ko‘paymoqda. Bunday vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun davlatimizda bolalarning huquq va manfaatlarini ishonchli muhofaza qilish yuzasidan qator huquqiy-normativ hujjatlar qabul qilingan, muayyan ta’sir choralari belgilangan. Ular bolani parvarishlash, ota-ona sifatida zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarishdan tortib, bolaning shaxsiy daxlsizligi, hayoti va sog‘lig‘iga oid huquqlarni buzganlik uchun javobgarlik kabilarni o‘z ichiga oladi.

Oxirgi paytda turli sabablar, ijtimoiy murakkab vaziyatlar oqibatida bolalarni qarovsiz qoldirish, ota-onalar tomonidan yetarlicha ta’lim-tarbiya bermaslik, parvarishlamaslik holatlari ko‘paygan. Qonunchilikda bunday xatti-harakat yoki harakatsizlik uchun qat’iy javobgarlik belgilangan. Mas’uliyatini bajarmagan ota-onalar, vasiylarga qonunda ko‘zda tutilgan jazo, albatta, muqarrar. Oxirgi paytda Bolalar ombudsmani bevosita shunday murojaatlar bilan ishlayapti. Bolalarga nisbatan nafaqat  jismoniy, balki jinsiy zo‘ravonlik kuzatilmoqda. Bunga davlatning qonuniy, qat’iy javobi bor. Ya’ni bunday jinoyatlarga yo‘l qo‘ygan shaxslar kim bo‘lishidan qat’i nazar, qonun oldida javob beradi. Davlatning aynan bolalarni himoya qilish bo‘yicha irodasi va pozisiyasi qat’iy, bolalarga zo‘ravonlikka nisbatan nihoyatda murosasiz.

— Bolalar ombudsmani oxirgi paytlarda uchrayotgan mana shunday zo‘ravonliklarning qanchasini nazoratga oldi?

 — Bolalar ombudsmani sifatida faoliyat boshlaganimizga ko‘p bo‘lmadi. Biroq o‘tgan qisqa vaqtda bunday holatlar kutilganidan ko‘p uchradi. Bolalarga nisbatan mudhish jinoyat sodir etgan har qanday shaxs qonun oldida javob berishi shart.

Bevosita Bolalar ombudsmaniga kelib tushgan, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali kelayotgan turli murojaatlar bilan ham shug‘ullanyapmiz. Bolalarga qo‘pol, noloyiq muomalada bo‘lganlarni toifalarga bo‘lib aytish mumkin. Jumladan, qator holatlarda yaqinlari, ya’ni ota-onalari bolaga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, ta’lim-tarbiyaga mas’ul shaxslar, deylik, o‘qituvchilar yoki maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachilari, enagalarning noloyiq, qo‘pol muomalasi yoki ozor berishi oqibatida bolalarga turli darajadagi jarohat yoxud emosional-psixologik ta’sir ko‘rsatish holatlari uchramoqda. Bunday holatlarni Bolalar ombudsmani zudlik bilan nazoratga olmoqda. Jinoiy yoki ma’mu riy tartibdagi ish bo‘lishidan qat’i nazar, mas’ul davlat organlari bilan hamkorlikda jazo muqarrarligi ta’minlanyapti.

— Bolalar ombudsmani joylardagi ota-ona qaramog‘idan mahrum, yetim bolalar tarbiyalanayotgan xonadonlarga borib turadimi? Ular bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazadimi?

— Mamlakatimizda bolalarga oid xalqaro standartlarga rioya qilinayotganini muhim qadam, deyish mumkin. Mehribonlik uylari, ota-ona qaramog‘idan mahrum yoki yetim bolalar saqlanadigan maxsus muassasalar jiddiy ravishda qisqartirildi. Ya’ni bolalarni Mehribonlik uylari yoki shu shakldagi muassasalardan oilaviy muhitga joylashtirish, imkon qadar jamiyatga integratsiyasini ta’minlash, oilani yuragidan, qalbidan sezishi va shu muhitda ulg‘ayishi uchun katta ishlar qilindi. Buning natijasida bugun 600 dan ortiq shunday o‘g‘il-qiz oilaviy bolalar uylarida yashab, ta’lim-tarbiya olmoqda. Jarayon izchil, hol. Faoliyatimiz davomida hatto ota-onalar o‘rtasidagi nizolar, turli ajrim holatlarida ota ham, ona ham o‘zining haqiqati, munosabati bilan ishga yondashuviga guvoh bo‘ldik. Lekin Bolalar ombudsmani uchun bolaning manfaati hamisha ustun. Uning ota-onasi yoki boshqa vasiylari emas, birinchi navbatda, bolaning manfaati biz uchun ustuvor ahamiyatga ega. Aynan shu yondashuvdan kelib chiqib, bugun qator qonun hujjatlariga kiritish uchun taklif va tavsiyalarimizni berib bormoqdamiz. Qonunchilik hokimiyati, parlament palatalari yig‘ilishlari va muhokamalarida bevosita Bolalar ombudsmani ishtiroki ko‘zda tutilgan. Yaqin kunlarda ikkinchi o‘qishda qabul qilinishi rejalashtirilayotgan Bolalar ombudsmani to‘g‘risidagi qonunda ham aynan ana shu vakolat va imkoniyatlar bayon etilgan. Ya’ni Bolalar ombudsmanining Senat hamda Qonunchilik palatasi muhokamalarida ishtirok etish, turli masalalar yuzasidan fikrini bayon qilish, takliflar kiritish huquqini mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud plenumi majlislarida bevosita Bolalar ombudsmani ishtiroki ta’minlanadi.

— Oxirgi paytlarda yuz berayotgan, qalblarni larzaga solayotgan voqealarga qaramay, mamlakatimizda bolalar haq-huquqi to‘la kafolatlangan, deya olishimiz uchun asos qay darajada?

— Bunday holatlar faqat O‘zbekistonda emas, barcha davlatlarda, hatto rivojlangan mamlakatlarda ham kuzatiladi. BMT tadqiqotlariga ko‘ra, bugun o‘ziga yaqin muhitda bolalarning 40 foizdan ortig‘i turli shakldagi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan. Bu ma’lumot bolalarga turli shaklda tazyiq o‘tkazish faqat O‘zbekistonga xos emas, balki global dolzarb muammo ekanini anglatadi. Albatta, hozir jamiyatimizdagi ochiqlik, davlat organlari faoliyatining shaffofligini inobatga olgan holda bunday holatlarga qarshi kurash qanday kechayotganini kuzatish imkoniyati juda keng. E’tibor bersangiz, bunday holatlar oshkor bo‘lgani zahoti tezkor munosabat bildirilyapti. Bu o‘rinda, birinchi navbatda, bolaga nisbatan zo‘ravonlik holatiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, davlatning murosasiz munosabati aks etsa, ikkinchidan, bu kabi har qanday holatga jazo muqarrarligi hamda bola qonun himoyasida ekani jamoatchilikka yetkazilyapti. Mana shu yondashuvni yurtdoshlarimizning tafakkuriga singdirish bo‘yicha sa’y-harakatlar ketmoqda. Albatta, turli oilaviy murakkab vaziyatlar bo‘ladi. Lekin aslo unutmaslik kerakki, bunday vaziyatlarda bola qurbon bo‘lishi mumkin emas. Ota-onaning o‘zaro qandaydir kelishmovchiligi bo‘lsa, masalani madaniyatli odamlardek beozor yo‘l bilan hal qilishi kerak. Bolalar ota-onaning bir-biridan qasd olishi uchun yoki bir-birini turli shaklda azoblashi uchun vosita bo‘lishi mumkin emas. Oxirgi paytlarda shunday vaziyatlarda bolalar ota-onalar o‘rtasidagi nizolar qurboni bo‘lyapti. Aynan ular ko‘proq jabr ko‘ryapti.

So‘nggi vaqtlarda bolalarga nisbatan ota-onasi yoki vasiylari tomonidan zo‘ravonlik holati oshayotganini OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalayotgan ko‘plab xabarlar, Bolalar ombudsmani kotibiyatiga kelayotgan murojaatlardan ko‘ryapmiz. Murg‘ak bolalarga bunday shafqatsiz va ayovsiz muomalani ko‘rib, har qanday insonning yuragi larzaga keladi. Vaholanki, har bir bola o‘z uyini eng xavfsiz va sevimli maskan, ota-onasini esa hayotning turli sinovlaridan himoya qiluvchi posbon deb biladi. Zo‘ravonlikni tashqarida begonalardan emas, balki eng yaqinlaridan — unga mehr-muhabbat ko‘rsatishi kerak bo‘lgan insonlardan ko‘rayotgan bolaning ko‘nglidan nimalar o‘tishini endi tasavvur qilib ko‘ring! Bunday o‘g‘il-qizning dunyosi ostin-ustun bo‘ladi, hayotga, ertangi kunga, insonlarga ishonchi butkul so‘nadi. Ota-onalik burchini to‘g‘ri anglagan hech bir shaxs, ruhan va qalban sog‘lom inson farzandiga bunday holatni ravo ko‘rmaydi.

Farzand — ota-onaning “shaxsiy mulki”, degan qarash bilan yashashni bas qilaylik. Ota-onalar bolaga egalik qiladigan emas, aksincha, unga g‘amxo‘rlik va mehr ko‘rsatadigan, farzandining jismonan, ruhan va aqlan kamol topishi uchun barcha zarur shart-sharoit yaratadigan insonlardir. Har bir bolaning huquq va manfaati qonun himoyasida. Mana shu qoida yurtdoshlarimiz tafakkuriga singishi kerak.

 — Ota-onalik huquqidan mahrum etilganlarning farzandi qayerda yashaydi?

— Ota-onalikdan mahrum qilish — murakkab jarayon. Bunday qat’iy qarorga kelish birdaniga, shoshma-shosharlik bilan bo‘lmaydi. Qator talablar bor. Deylik, ota-ona bola haq-huquqlarini muttasil buzsa, unga nisbatan zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ysa, farzandini boqish, tarbiyalashdan voz kechsa, jiddiy narkologik yoki alkogolik kasallikka yo‘liqish tufayli vazifasini bajarolmaydigan holatga kelsa, ota-onalikdan mahrum qilish masalasi qo‘yiladi. Bu masala faqat sud qarori asosida hal etiladi. Shunday holatlarda otasi ham, onasi ham birdek ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo‘lsa, bolani boshqa yaqini, uning manfaatini ustun biladigan shaxslarga topshirish masalasi sud tomonidan o‘rganiladi. Bunda eng asosiy o‘rinni vasiylik va homiylik organi belgilaydi. Har bir vaziyat manzilli, individual o‘rganiladi. Shu holatda bola uchun ma’qul, eng munosib bo‘lgan vasiy kim? Uning bobo-momolarimi yoki boshqa yaqin qarindoshi yoxud bolani boqib olish uchun tashabbus ko‘rsatgan insonlarmi? Mana shu masala to‘liq o‘rganiladi. Shundan keyingina bola boshqa ota-ona yoki vasiylarga topshirilishi mumkin.

— Mamlakatimizda bolalar huquqlariga doir qonunchilik bazasi mustahkam. Lekin ularning amalda qo‘llanishi va qat’iy ustuvorligini ta’minlash holati sizni qoniqtiradimi?

— Bugun, albatta, qonunchiligimizda bolalarni himoya qilish borasida muammolar ko‘p, deb aytolmaymiz. Xolis e’tirof etish zarur: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda gender tenglik va bolalar manfaatlari ta’minlangani bo‘yicha eng ilg‘or mamlakat. Chunki bolalarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar, shu jumladan, jinsiy jinoyatlar yuzasidan jazolar qat’iylashtirilgan va nihoyatda qattiq ko‘rinishda, yengillik berilmaydigan tarzda qonunda belgilangan. Bu esa ko‘plab mamlakatlar, hatto demokratik rivojlangan davlatlarda ham hali-hanuz qilinmagan ish. Shu nuqtai nazardan aytish kerak: qonunchiligimiz mustahkam va bolalarning huquqlarini ishonchli himoya qiladi. Shu bilan birga, qonunni bevosita ta’minlash jarayonida turli masalalar, muammolar yuzaga kelishi mumkin. Buning asosiy sababi nimada? Huquqi buzilganida bolaning bevosita murojaat qilish imkoniyati cheklangan. O‘zining huquqi buzilganida kattalar Inson huquqlari bo‘yicha ombudsman yoki huquqni muhofaza qiluvchi turli organlarga murojaat etadi. Lekin bu bola uchun juda nozik vaziyat: u otaonasiga tobe, ota-onasining tarbiyasida. Shunday ekan, u qanday qilib ota-onasi yoki boshqa qarindoshlarining zo‘ravonligiga uchrayotganini aytadi? Bu masalada bolalar cheklangan va zaifdir. Vazifamizning murakkabligi shundaki, bunday holatlarni o‘zimiz aniqlashimiz zarur. Shu kabi vaziyatlar haqida kichkina signal bo‘lsa ham aniqlash, unga tezkorlik bilan munosabat bildirish, aybdorning javobgarlikka tortilishi va bunday noxush holatlar boshqa qaytarilmasligini tizimli ta’minlash faoliyatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan. Masalan, oxirgi paytda ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilish, qadr-qimmatini yerga urish holatlari uchramoqda. Bunday holatlar tizimli bo‘lib qolishi mumkin emas. O‘qituvchi yoki tarbiyachilar — bola ta’lim-tarbiyasi zimmasiga yuklatilgan shaxslar vazifasining teskarisini qilib, o‘g‘il-qizlarga zug‘um o‘tkazsa, holat pedagogni ishdan bo‘shatish bilan to‘xtashi kerak emas. Bunday holatlarga murosasiz bo‘lmog‘imiz zarur, toki boshqa qaytarilmasin. Nafaqat bolalarni himoya qilish, balki o‘qituvchi va tarbiyachilarni tegishli vazifa, lavozimga tayinlayotganda psixologik ko‘rikdan o‘tkazish, ya’ni bola bilan muloqot qilishga qanchalik tayyorligi, emosional jihatdan va sog‘lig‘i barqarorligi tekshiruvdan o‘tkazilishi shart.

— “Multiindikator klaster kuzatuvi”ga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 3 boladan 2 nafari zo‘ravonlik bilan tarbiyalanishni boshdan kechirgan, degan xabar tarqaldi. Bunga munosabatingiz qanday?

 — Bu masalaga chuqurroq yondashish zarur. Uning negizida milliy qadriyatlar bilan birga millatga xos yondashuvlar, farzandga munosabat, bolaning qadrqimmati kabilar turadi. Masalan, o‘zbek oilalarini olaylik. Odatda bolaga nisbatan ota-ona o‘zini hukmron his qiladi. Otaning, onaning aytgani-aytgan, deganidegan. Farzand faqat ruxsat berilgan paytda o‘z fikrini bayon qilishi mumkin. Yoki hayotimizda kuzatuvlarni bir eslab ko‘ring: “Sen jim tur”, “Aralashma”, “Sendan hech kim so‘ragani yo‘q”, “Fikringni keyin aytasan”, degan munosabatga duch kelasiz. Bolaga mukammal, haq-huquqli inson sifatida qaralmaydi. Ya’ni farzand — ota-ona qo‘l ostidagi odam, ota-ona nima desa, shu bo‘ladi. To‘g‘ri, tarbiya, milliy qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan buning ijobiy taraflari ham bordir, ehtimol. Lekin mustaqil inson sifatida o‘zini anglashi va shaxs sifatida shakllanishi jarayonida bolani mana shunday bo‘g‘ish, cheklash holatlari ko‘proq kuzatiladi. Tabiiyki, bu holat farzandning psixologik rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazadi. Bolalar o‘zining mana shunday zo‘ravonlik ostida ulg‘ayganini keyin anglab yetadi.

Zo‘ravon ota-onalar qayerdan paydo bo‘ladi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ular ham zo‘ravonlikka asoslangan tarbiya mahsuli. Jarayon esa davom etmoqda. Uni to‘xtatish uchun esa farzandlarimizga inson sifatida qarash, ularni hurmat qilish, e’zozlash kerak. “Kattalarga hurmat, kichiklarga izzat” degan maqolning g‘oyasi ham, aqidasi ham to‘g‘ri. Bola kichik bo‘lsa-da, hurmat-e’zozga, fikri tinglanishiga munosib. Ko‘p masalalarda shakllangan g‘alati odatimiz bor: ota-ona hamma masalani bola uchun o‘zi hal qiladi. Farzandning o‘ziga taalluqli masalalarni hal qilish, qaror qabul qilishda bolaning o‘zi ishtirok etmasligi ham zo‘ravonlikning bir turi, aslida. Chunki bolaga erkinlik berilmayapti. Fikrini bayon qilish, o‘ziga tegishli masalalarda bevosita ishtirok etishga izn yo‘q. Hatto voyaga yetgan o‘g‘il-qizining qayerda o‘qishigacha ota-onalar hal qiladi. Bunday yondashuv bugun o‘zini oqlamayapti. Siz aytgan “Multiindikator klaster kuzatuvi”ning tadqiqoti natijalari ham mana shunday yondashuvlar natijasi. Bunday qarashni, albatta, o‘zgartirishimiz zarur.

— “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi kun tartibidagi muammolarni yecha oladimi?

— Bolalarni turli zo‘ravonliklardan himoya qilish masalasi tizimli ravishda kun tartibiga qo‘yilayotganining o‘zi katta yutuq. Chunki shu paytga qadar “Zo‘ravonlik o‘zi nima?” degan savolga javobimiz yo‘q edi. Siz aytgan qonun loyihasi bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga izoh berilmoqda. Odatda, bolaga jismoniy, jinsiy yoki psixologik zo‘ravonlik haqida gapiramiz. Lekin zo‘ravonlikning bundan tashqari yana qator turlari bor. Bolani ekspluatatsiya qilish, turli g‘ayriijtimoiy vaziyatlarga, misol uchun, tilanchilikka majburlash ham zo‘ravonlik. Yoki bolaning ta’lim-tarbiyasi uchun zarur muhit, shart-sharoit yaratmaslik ham zo‘ravonlikning bir turidir. Nima uchun? Chunki bola zaif. Bunday shart-sharoitni o‘ziga-o‘zi yaratolmaydi. Shu bois, har bir ota-ona yoki vasiy zimmasiga o‘z farzandini yoxud tarbiyasi topshirilgan bolani voyaga yetkazish, uning uchun ma’naviy, jismoniy, psixologik sog‘lom muhit yaratish majburiyati yuklatilgan. Ana shu mas’uliyatni uddalamaslik ham bolaga nisbatan zo‘ravonlik.

Bunday holatga tushgan bolaga qanday yordam berish, uni vaziyatdan olib chiqish masalasi ham o‘rin olgan. Xo‘sh, zo‘ravonlik manbasi bolaning yaqinlari, ota-onasi bo‘lsa, qanday yo‘l tutiladi, degan savolga javob topish mumkin. Kerak bo‘lsa, zo‘ravonlik qilayotganlardan muhofaza etish maqsadida bolaga himoya orderi berish ham mana shu qonun doirasida tartibga solinadi. Bu qonun kuchga kirgandan so‘ng ko‘zda tutilgan barcha masalalar bajarilishi, ixtisoslashtirilgan davlat organlari belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashiga ishonaman.

“Yangi O‘zbekiston muxbiri

Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.