Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti oʻziga xos xususiyatlari va eʼtibori bilan kattalar adabiyotidan farq qiladi. Zotan, bolalar ijodkorlari oʻz asarlarida dunyo voqealarini bolalar nuqtayi nazari, dunyoqarashi bilan uygʻun holda tasvirlaydi. Hayotni keng, qiziqarli tasvirlash bilan birga bolani hayotni chuqur anglash va sevishga oʻrgatadi. Bolalar adabiyotida badiiylik bilan bir qatorda maʼrifiylik ham yetakchi oʻrin tutadi.
Uyushmaning bolalar va oʻsmirlar adabiyoti kengashi 2020-yilda ham samarali faoliyat koʻrsatdi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi katta majlislar zalida fevral oyida bolalar va kattalarga birdek ijod qilib kelayotgan taniqli shoira, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Zulfiya Moʻminovaning qutlugʻ 60 yoshga toʻlishi, shuningdek, bolalarga bagʻishlab chop etilgan yangi 4 ta kitobi taqdimoti munosabati bilan katta tadbir boʻlib oʻtdi.
Respublikamiz boʻylab oʻtkazilgan koʻplab turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda Kengash aʼzolari – Dilshod Rajab, Zulfiya Moʻminova, Orif Toʻxtash, Muhabbat Hamidova, Shukrulla Abdullayev, Ravshan Isoqovlar faol qatnashdi.
Oʻtgan vaqt mobaynida bir qancha ijodkorlarning bolalarga bagʻishlangan ijodiy ishlariga kengash aʼzolari tomonidan taqriz va xulosalar berildi. Bu qoʻlyozmalar ichida bolalar shoiri, tajribali pedagog Xalq maorifi aʼlochisi, “Shuhrat” medali sohibi Negmurod Guliyevning “Sheʼriy matematika” nomli qoʻlyozmasi kengash tomonidan alohida eʼtirof etildi va nashrga tavsiya qilingan.
Oʻtgan yilning iyul oyida “Bolalar va oʻsmirlar adabiyoti” Kengashi aʼzolarining tor doiradagi videoaloqa yigʻilishi oʻtkazildi. Unda Kengash aʼzolari ishtirok etib, butun dunyoni sarosimaga solib turgan pandemiyaning faoliyatimizga taʼsirini kamaytirish, bolalar uchun yozilgan yangi asarlarni onlayn tarzda muhokama qilish masalasi muhokama etildi.
Shuningdek, ishtirokchi adib va shoirlarga adabiyot ixlosmandi boʻlgan bolalar bitiklariga eʼtibor qaratish, ular bilan telegram kanallari orqali boʻlsa-da munosib yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatish kabi koʻrsatmalar berildi. Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda, ayniqsa, kitobxonlik mavzusidagi onlayn uchrashuvlarda kengash aʼzolari faol qatnashdi.
Bogʻcha yoshidagi bolajonlar va boshlangʻich sinf oʻquvchilariga moʻljallab tayyorlanayotgan “Kitobjonim – quvonchim” toʻplamining rus tilidagi variantini tayyorlashda rus tilida ijod qila oladigan bolalar ijodkorlari jalb etilib, ularga ustoz ijodkorlar biriktirildi. Ayni paytda mazkur kitob nashr uchun topshirilgan.
Kengash hisobot yigʻilishida kun tartibidagi mavzular boʻyicha maʼruzachilar soʻzga chiqishdi. Shuningdek, yigʻilishda “Bolalar adabiyotidan koʻnglingiz toʻladimi?” degan savol oʻrtaga tashlanganida ishtirokchilar tomonidan eʼtiborga molik takliflar va mulohazalar bildirildi.
Fozil FARHOD,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Axborot xizmati rahbari