2023-yilning o‘tgan davrida kichik yoshli bemorlarda ilk bor umurtqa pog‘onasi qiyshiqligi (skolioz) kasalligini radikal korreksiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yilib, hozirgacha 30 ga yaqin bolada ushbu operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Vaholanki, bugunga qadar mazkur amaliyotlar Turkiya va Hindiston davlatlarida 20-25 ming AQSH dollari evaziga amalga oshirilib kelingan.

Shuningdek, joriy yil markazda birinchi marta bolalarda buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi mahalliy mutaxassislar ishtirokida bajarildi.

Qolaversa, shu yil iyul oyida O‘zbekistonda ilk bor oqqon kasalligiga chalingan bolalarda suyak ko‘migi autotransplantatsiyasi amaliyoti Hindiston va Belarus davlatlaridan kelgan mutaxassislar bilan hamkorlikda muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Mazkur muolaja Turkiya va Belarus davlatlarida 120-170 ming AQSH dollari evaziga qilinishini inobatga olsak, ushbu amaliyotning yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimiz tibbiyotida erishilgan katta yutuqlardan biri bo‘ldi.

Hozirgi kunda suyak ko‘migi autotransplantatsiyasi amaliyotini yiliga 70 tagacha yetkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, joriy yil O‘zbekiston tarixida ilk bor Nukus shahrida bir kunlik chaqaloqda markaz mutaxassislari ishtirokida tug‘ma nuqson hisoblangan Ekstrafiya va Epispadiya kompleks kasalligi jarrohlik yo‘li bilan davolandi.