Bolalar milliy tibbiyot markazida yangi jarrohlik muolajasi oʻtkazildi

    Oʻzbekiston tarixida ilk bor angiovaskulyar usulda abernetti sindromiga qarshi jarrohlik muolajasi oʻtkazildi.

    Mutaxassislarga koʻra, ushbu sindrom juda kam uchraydigan hamda bolalarda ogʻir asoratlarni keltirib chiqaradigan kasallik hisoblanadi. Bu holatda jigarga kelishi kerak boʻlgan qon yurakka yoʻnaladi va natijada jigar qon taʼminoti buzilib, u oʻz vazifasini toʻliq bajara olmay qoladi.

    Samarqand shahrilik 3 oylik goʻdakda shu xastalik aniqlangach, Bolalar milliy tibbiyot markazi shifokorlari tomonidan u atroflicha tekshiruvdan oʻtkazildi hamda zarur muolaja usuli ishlab chiqildi.

    Jigarning qon aylanishini tiklash va kasallikni bartaraf etish, muhimi, bola hayotini saqlab qolishga qaratilgan ushbu usul asosida juda kam uchraydigan xastalik muvaffaqiyatli muolaja qilindi.

    Ayni paytda bemor shifokorlar nazorati ostida tegishli muolajalarni davom ettirmoqda.