– Hozirgi kunda bolalar oʻrtasida koʻzoynak taquvchilar soni koʻp uchramoqda. Bu bir tomondan endilikda kichkintoylarning koʻzi ertaroq yoshida tekshirilayotganiga bogʻliqdir. Shu tufayli ularda koʻrish nuqsonlari oʻz vaqtida aniqlanadi.

Ikkinchi tomondan, koʻzga barvaqt zoʻriqish kelishi (masalan, mobil telefonga koʻp tikilish, soatlab televizor ekrani oldida oʻtirish tufayli) maktab yoshidagi va maktabgacha yoshdagi bolalarda yaqindan va uzoqni koʻrolmaslik avj olishiga olib kelmoqda. Bunday vaqtda notoʻgʻri tanlangan koʻzoynak koʻz optik tizimining meʼyoriy rivojlanishini izdan chiqaradi va koʻrish faoliyatiga zarar yetkazishi ham mumkin.

Toʻgʻri tanlangan koʻzoynak kishiga katta yordam beradi, yaʼni atrofdagi narsalarni yaxshiroq koʻrishiga imkon yaratadi. Hatto keyinchalik koʻrish quvvatini tiklashi ham kuzatilgan. Yaxshi tanlangan gardish yuz koʻrinishini buzmaydi, uni bir qadar chiroyli koʻrsatadi.

– Koʻzoynakning yuz tuzilishiga muvofiq boʻlishi salomatlik uchun qanchalik foydali?

– Koʻzoynak tanlashda gardishning yaxshi oʻrnashganligiga eʼtibor berish kerak. Kishilarning yuz tuzilishi turlicha boʻlganligi sababli goho yuzga mos keladigan gardishni tanlash qiyin. Demak, gardishni, albatta, mutaxassis tanlab berishi lozim.

Gardish burun va quloqni ogʻritmasligi va shu bilan birga oynaklarning koʻzga nisbatan toʻgʻri joylashuvini taʼminlashi hamda koʻz qorachigʻi orasidagi masofaga mos kelishi kerak.

Himoya koʻzoynaklari qulay va yengil boʻlishi lozim. Koʻzni juda oʻtkir nurdan himoya qilish uchun qoʻngʻir, koʻk, sargʻimtir, kulrang yoki yashil kulrang oynakli koʻzoynaklar qoʻllaniladi.

Zaharli bugʻ va gazlar bor joyda ishlaydiganlar uchun yarim niqobli yoki protivogazli koʻzoynaklar ishlatiladi. Himoya koʻzoynagini, albatta, mutaxassis shifokor ishtirokida tanlash kerak. Bunday koʻzoynakni ishdan keyin toza latta bilan artib qutichaga yoki maxsus niqobga solib qoʻygan maʼqul.