Ayni vaqtda Oʻzbekistonda fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida davlat byudjetidan oʻndan ortiq turdagi nafaqa va moddiy yordam pullari toʻlab kelinadi.
Aholining zaif qatlamiga toʻlanadigan ijtimoiy nafaqalar, yaʼni, kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi, nogironligi boʻlgan shaxslarga nafaqalar, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik boʻyicha nafaqalar va shu kabi boshqa moddiy yordam pullari davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy himoya mablagʻlari hisoblanadi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 21-moddasiga asosan, shartnomaning isteʼmolchi huquqlarini cheklab qoʻyadigan va qonunchilikka zid boʻlgan talablari haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Agar ularni qoʻllanishi natijasida isteʼmolchiga zarar yetkazilgan boʻlsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozimligi koʻrsatilgan. Shu oʻrinda Shartnomaga isteʼmolchilarning qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsitadigan shartlarni kiritish, shuningdek ularga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va afzalliklarni bermaslik taqiqlangan.
Soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va uning quyi tizimlariga fuqarolar tomonidan aholining ijtimoiy nafaqalari (bolalar puli, nogironlik, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari va shunga oʻxshash davlat yordam puli) mablagʻlari ularning bank plastik kartalariga tushishi bilanoq, fuqaroning roziligisiz — avtomatik tarzda kredit qarzi toʻlovi hisobiga yechib olib qoʻyilayotganligi yuzasidan koʻplab murojaatlar boʻlmoqda.
Fuqarolarning murojaatlarida keltirilayotganidek, ularning roziligisiz Bank va mikromoliya tashkilotlari tomonidan ijtimoiy nafaqalarni qarz toʻlovi evaziga avtomatik yechib olish amaliyoti fuqarolik qonunchiligidagi oferta-aksept normasiga mutlaqo zid holat hisoblanadi, shuning bilan bir qatorda Konstitutsiyaviy va qonunchilik normalarining adolat tamoyillariga ham umuman toʻgʻri kelmaydi.
Yuqoridagilarni eʼtiborga olgan holda Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan Oʻzbekiston Markaziy bank boshqaruviga jamoatchilik soʻrovi kiritilib, vakolatli organ sifatida barcha bank va mikromoliya tashkilotlarining ichki tartiblariga ijtimoiy nafaqalarni akspetsiz (roziliksiz) qarzga yoʻnaltirish amaliyotini cheklash normasini kiritilishi, shuningdek barcha bank va mikromoliya tashkilotlarining mavjud avtomatik yechib olish elektron dasturlaridan ijtimoiy himoya mablagʻlarini avtomatik yechib olish amaliyotini chiqarib tashlanish, fuqarolarning isteʼmolchi sifatida buzilayotgan qonuniy haq va huquqlarining himoya qilinishini taʼminlash borasida zarur takliflarini bildirdi.