Taraqqiyot, sivilizatsiya inson ongi va hayot tarzidagi qadriyatlarni, axloqiy mezonlarni oʻzgartirib yuborayotir. Bu muammoni oʻrganayotgan olimlar, faylasuf va psixologlarning aksariyati asosiy sabablardan biri sifatida odamlar, xususan, yoshlarning kitobdan uzoqlashib borayotganini koʻrsatishadi.
Kitobdan uzoqlashish haqida taniqli shoir Eshqobil Shukur bunday yozadi: “Odamzod qancha taraqqiy etmasin, qancha gʻaroyib texnik vositalarni oʻylab topmasin, baribir hali oʻz tafakkuri tarbiyasi uchun kitobdan yaxshi vositani oʻylab topgani yoʻq. Kitob mutolaasi bizga hayotni mutolaa qilishni, insonni va xudoni mutolaa qilishni oʻrgatadi. Kitobdan uzoqlashish — bu tafakkurdan uzoqlashish, tafakkurdan uzoqlashish esa odamning oʻz-oʻzidan uzoqlashishidir”.
Koʻrinib turibdiki, uchinchi ming yillik boshiga kelib odamlar, asosan, yoshlar ongida axloq mezonlari va insoniy, milliy qadriyatlar oʻzgarishining asosiy sababi kitob oʻqimay qoʻyishdadir.
Hamon yodimda... Maktabga ilk marta oʻzim borgan kuni dars xonamni topolmay maktab kutubxonasiga adashib kirib qolganman. Xonada oʻquvchilar yoʻqligini koʻrib, bu direktorning xonasi boʻlsa kerak, u ancha boy ekan-ku, degan xayol oʻtgan. Ammo ogʻriqli nuqtani aytmasam boʻlmaydi. Oʻsha vaqtlarda negadir kitob oʻqirman koʻp boʻlsa, ham maktab kutubxonasiga kira olmasdik. Soatlab yopiq turardi... Ochiq boʻlganida ham kitobni uyga olib ketib oʻqib boʻlmasdi...
Kutubxonaga oʻquvchilar uchun hamisha eshigi ochiq, bolalarni yaxshi koʻradigan, oʻquvchining talab va istaklaridan kelib chiqib, uning yoshiga, ruhiyatiga mos keladigan kitoblarni topib bera oladigan, oʻquvchi “Bu qanday kitob”, deb soʻraganida, unga qisqa boʻlsa-da, maʼlumot bera oladigan, kitobni qizgʻanmaydigan kutubxonachilar kerak!
Bugun qalbni, aqlni, axloqiy mezonlar va qadriyatlarni zabt etayotgan ommaviy madaniyat, seriallar, shoular, kompyuter oʻyinlari, keraksiz axborotlar, aqidaparastlik gʻoyalariga kitobxonlikni targʻib qilish bilan qarshi turayotgan kutubxonalarning oʻrni va vazifasi har doimgidan muhim boʻlib turibdi. Shu bois, kutubxonalarni boyitish, zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlash, bu maskanlarga yoshlarni koʻproq jalb qilishga oid muhim qarorlar qabul qilinmoqda. 5 ta muhim tashabbusning toʻrtinchi yoʻnalishi yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilishga yoʻnaltirilgani, Prezidentimizning 2019-yil 7-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi “2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori shular jumlasidan.
2023-yil 5-iyulda esa Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvida davlatimiz rahbari kelgusi yetti yilgi rejalarga toʻxtalib, bunday dedi: “Har yili 100 ta eng yaxshi badiiy asar hamda bolalar va oʻsmirlarga moʻljallangan 50 ta badiiy kitob yaratish uchun ijodiy buyurtma berilib, mualliflarga 100 million soʻmdan qalam haqi toʻlanadi. Bu kitoblar 20 ming nusxadan nashr qilinib, maktablar va kutubxonalarga bepul beriladi. Bunga har yili 200 milliard soʻm yoʻnaltiramiz. Shuningdek, kelgusi yetti yilda kutubxonalarning 40 millionga yaqin kitob fondi toʻliq raqamlashtiriladi va ularning yagona katalogi yaratiladi. Umuman, 2030-yilga qadar mamlakatimizdagi barcha kutubxonalar toʻliq taʼmirlanadi. Shu maqsadda 500 milliard soʻm ajratamiz”.
Bundan tashqari, uchrashuvda kutubxonalar xodimlari ish haqi kelgusi yetti yilda 3 karra oshirilishi va maktab kutubxonachilarining ish haqi pedagog xodimlar oyligiga tenglashtirilishi ham taʼkidlandi.
Bu esa kitobxonlikni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlar yangi bosqichga oʻtayotganidan, yoshlarimizni yuksak qadriyatlarga ehtirom ruhida tarbiyalash vazifasini bajarishda davlat, ota-onalar, pedagoglar va kutubxonachilar birgalikda ezgu maqsad yoʻlida harakat qilishida yangi istiqbollar ochilayotganidan darak beradi.
Yaqinda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tizimdagi 10 mingdan ortiq umumtaʼlim maktabi kutubxonachilari malakasini, kasbiy bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida yurtimiz boʻylab hududlarda ikki bosqichli oʻquv seminarlari kaskad usulida tashkil etildi.
Ushbu seminarlarda kutubxonachilarga kataloglar turlari, kitoblarga ishlov berish tartibi, kitob fondidan chiqarilayotgan kitoblar, jamlama hisobga olish kitobi, kitobning indeksi, jurnal va gazetalarni hisobga olish tartibi va shu kabi mavzular boʻyicha bilim va koʻnikmalar berildi. Oʻquv seminari yakunida esa faol kutubxonachilar, kitobxonlik tanlovlarida gʻolib boʻlgan oʻquvchilar diplom va esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Bular, albatta, imkoniyatlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar, gʻamxoʻrliklar. Ammo yoshlarni kitobga jalb etish faqat daʼvatlar bilan yoki kitob sovgʻa qilish bilangina bitib qolmaydi. Shuning uchun Respublika bolalar kutubxonasi oʻquvchi-yoshlarni kitobxonlikka jalb etishning anʼanaviy va yangi usullarini qoʻllamoqda. Oʻquvchi bilan yuzma-yuz va onlayn muloqot, turli tanlovlar, shoir-yozuvchilar bilan onlayn uchrashuvlar, eng yaxshi kitoblar targʻiboti va taqdimotlari kabi vositalarlardan foydalanish shular jumlasidan.
Shu oʻrinda kutubxonamizda tashkil qilingan “Ijodkor bolalar” onlayn va oflayn adabiy toʻgaragi faoliyatini alohida taʼkidlash lozim. Toʻgarak ochilgandan buyon yosh iqtidorlarni kitob mutolaasiga jalb etish, badiiy ijod namunalarini muhokama qilish, ularga ijod jarayoni va sirlarini oʻrgatish maqsadida doimiy mashgʻulotlar oʻtkazib kelinadi. Toʻgarakning 700dan ortiq aʼzosi oʻrtasida “Insholar tanlovi”, “Mushoira kechasi”, “Yilning eng isteʼdodli yosh shoiri”, “Haftaning eng yaxshi kitobsevar bilimdoni”, “Eng isteʼdodli kitobxon”, “Asarlarga taqriz” kabi qator tanlov va viktorinalar muntazam oʻtkazilib kelinayotgani katta samara beryapti. Eng asosiysi, toʻgarak aʼzolarini ijodkorlikka daʼvat etish, ijodiy ishlarini ragʻbatlantirish ularni kitob mutolaasiga qiziqtirishda muhim rol oʻynayapti. Bugungi kunga kelib butun dunyoda inson ongi va qalbi tarbiyasi masalasiga anʼanaviy kutubxonalar bilan birga elektron kutubxonalar ham xizmat qilmoqda. Jumladan, Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan bolalarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida jahon va oʻzbek adabiyoti durdonalaridan saralangan adabiyotlarning elektron hamda audio shakli Kitob.uz platformasi orqali taqdim qilib kelinmoqda. Ushbu ilovada 3200 ta elektron hamda 1052 dan ziyod audiokitobni bepul tinglash mumkin.
Dilnoza HAQBERDIYEVA,
Respublika bolalar kutubxonasi matbuot kotibi