Bunday og‘ir vaziyatda hissiyotga berilish – tabiiy hol. Biroq qonun qabul qilish va jazo belgilashda his-tuyg‘ularga emas, balki sovuqqon mantiq va uzoq muddatli oqibatlarga tayanilgani ma’qul.

Aynan shu kunlarda Oliy Majlis Senati bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni keskin og‘irlashtiradigan va muayyan holatlarda umrbod qamoq jazosini beradigan yangi qonunni ma’qulladi. Jazo tizimining asosiy vazifasi shunchaki jamoatchilikning qasos olish istagini qondirish emas, balki adolatni tiklash va eng muhimi – kelajakda boshqa jinoyatchilarni bu yo‘ldan qaytaradigan to‘g‘ri tizim yaratishdir. Xalqaro tajriba va huquq qoidalari tahlil qilinsa, Senat ma’qullagan umrbod qamoq jazosi o‘lim jazosidan ko‘ra bolalar hayotini real himoya qiladigan yagona to‘g‘ri qaror ekanligi ko‘rinadi.

Nobel mukofoti sovrindori Gari Beker jinoyatchilarning xulq-atvorini iqtisodiy mantiq va rag‘batlar orqali tushuntirib bergan. Bu nazariyaga ko‘ra, jazo shkalasi shunday tuzilishi kerakki, har qanday og‘irroq jinoyat uchun beriladigan jazo ham mutanosib ravishda og‘irlashib borishi shart. Boshqa bir mashhur iqtisodchi Jorj Stigler esa jinoyat huquqidagi “chegaraviy to‘xtatib turish” (marginal deterrence) prinsipini asoslagan. Agar qonun chiqaruvchi eng og‘ir jazoni (o‘lim jazosini) ham kichikroq jinoyat uchun, ham eng og‘ir jinoyat (masalan, zo‘rlash va qotillik) uchun bir xil qilib belgilab qo‘ysa, jinoyatchini kattaroq vahshiylik qilishdan to‘xtatadigan hech qanday to‘siq qolmaydi.

Bolaga nisbatan jinsiy jinoyat qilgan odam uchun eng katta xavf – bu tirik qolgan guvoh, ya’ni bolaning o‘zidir. Bugungi kunda jinoyatchilar qotillik uchun jazo ancha og‘ir bo‘lishini bilgani sababli ko‘pincha bolani tirik qoldirishadi. Ammo, agar zo‘rlashning o‘zi uchun o‘lim jazosi joriy etilsa, bu farq butunlay yo‘qoladi. “Baribir ushlanib qolsam, qatl etilaman” deb o‘ylaydigan pedofil uchun yagona guvohni yo‘q qilish ortiqcha huquqiy xavf tug‘dirmaydi. Aksincha, bu uning uchun qo‘lga tushmaslikning yagona chorasiga aylanadi. Demak, o‘lim jazosi bolalarni himoya qilishga emas, balki ularni jismonan yo‘q qilishga yo‘l ochadi va bevosita bolalarning o‘ziga qarshi ishlaydi.

Bu qonuniyat tarixda ham ko‘p marta o‘z isbotini topgan. Mashhur faylasuf Sharl Lui Monteskyo “Qonunlar ruhi” asarida qadimgi Rossiyadagi holatni misol qilib keltirgan: u yerda yo‘lto‘sarlik va qotillik uchun bir xil o‘lim jazosi berilgani sababli, talonchilar o‘z qurbonlarini hech qachon tirik qoldirishmagan, chunki guvohni yo‘q qilish ular uchun yagona najot yo‘li bo‘lgan.

Shuningdek, Radha Iyengarning AQSHdagi tadqiqotida aynan mana shu mantiq amaliy misollar bilan o‘rganilgan. U uchinchi marta har qanday kichik jinoyat sodir etganda ham eng og‘ir maksimal jazo berishni nazarda tutuvchi qonunlar oqibatini tahlil qilgan. Bu tadqiqot hayotda ham “qo‘y o‘g‘irlagan ham, qo‘zi o‘g‘irlagan ham bir dorda osiladi” degan xalqaro ibora va qoida qanday ishlashini ko‘rsatib berdi. Natijalar shuni tasdiqladiki, ikki marta ogohlantirish olgan jinoyatchilar uchinchi marta oddiy do‘kon o‘g‘riligi ustida politsiyaga duch kelganlarida, taslim bo‘lish o‘rniga qurol ishlatib, qonun himoyachilarini o‘ldirishga harakat qilishgan. Chunki baribir eng og‘ir jazo muqarrar ekanini bilgan shaxslar uchun huquqiy risklar tenglashib qolgan. Marvell va Mudining tadqiqotlari ham jazo tizimidagi bunday chegaraviy farqlarning yo‘q qilinishi jinoyat sodir etilayotgan hududlarda qotilliklar sonining keskin o‘sishiga olib kelishini statistik ma’lumotlar bilan isbotlagan.

O‘lim jazosidan voz kechish – O‘zbekiston mustaqillik davridagi eng katta insonparvarlik yutuqlaridan biridir. Bundan 21 yil avval mamlakatimizda o‘lim jazosi bekor qilindi va bu qadam qonunchiligimizni jahon standartlariga moslashtirdi. 2023-yilda yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasi ham buni qat’iy belgilab qo‘ydi. Ushbu moddaga ko‘ra, yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng ogʻir jinoyatdir. Oʻzbekiston Respublikasida oʻlim jazosi taqiqlanadi.

Ko‘plab davlatlar nega o‘lim jazosidan voz kechganini tarixga qarab tushunish mumkin. Masalan, Fransiyada uzoq vaqt davomida odamlarni dorga osish, qiynash yoki gilyatina kabi vahshiy usullar qo‘llangan bo‘lsa-da, bu jamiyatdagi jinoyatchilik va tajovuzni kamaytira olmagan. Buyuk Britaniyada esa hatto mayda o‘g‘rilik yoki daraxtlarni ruxsatsiz kesish kabi 200 dan ortiq jinoyat uchun o‘lim jazosi belgilangan davrlar bo‘lgan (bu “Qora kodeks” deb atalgan). Ammo bu shafqatsizlik ham jinoyatni kamaytirmagan, aksincha, odamlarni yanada shafqatsiz qilib qo‘ygan.

O‘lim jazosining eng yomon tomoni – uning ortga qaytarib bo‘lmasligidir. Har qanday rivojlangan sud tizimida ham inson omili sabab xato o‘tishi mumkin. Agar o‘lim hukmi ijro etib bo‘lingach, shaxsning aybsizligi aniqlansa, adolatni tiklab bo‘lmaydi. Dunyo amaliyotida, xususan, AQSh Oliy sudining mashhur “Kennedi Luizianaga qarshi” (Kennedy v. Louisiana) ishidagi qaror ham aynan shu masalaga asoslangan. O‘shanda sud bolani zo‘rlash jinoyati uchun o‘lim jazosi berilishini Konstitutsiyaga zid deb topgan. Buning asosiy sababi: agar zo‘rlash uchun ham o‘lim jazosi berilsa, jinoyatchi bolani tirik qoldirishdan ma’no ko‘rmaydi va guvohni yo‘q qilish uchun uni o‘ldirib yuborish xavfi ortadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham insonning yashash huquqi mutloq va daxlsiz deb belgilangani davlatimizning insonparvarligini ko‘rsatadi.

Kriminologiya qoidalarga ko‘ra, jinoyatchini jazoning o‘ta vahshiyligi emas, balki jazoning muqarrarligi (ya’ni jazodan qochib qutulib bo‘lmasligini bilishi) ko‘proq to‘xtatib turadi. Aslida amaldagi Jinoyat kodeksimizning 118-moddasi (Nomusga tegish) va 119-moddasida (Jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish) bolalarga qarshi jinoyatlar uchun juda og‘ir jazolar bor edi. Muammo qonun matnida emas, balki ularning amaliyotda to‘liq bajarilmasligida edi. Ba’zida ishlar oilaviy andisha yoki bosimlar sabab yashirilgan, ba’zan esa jinoyatchilar turli amnistiyalar yoki muddatidan oldin shartli ozod qilish tizimi orqali qamoqdan vaqtidan oldin chiqib ketishgan.

Senat ma’qullagan yangi qonun aynan mana shu huquqiy bo‘shliqlarni yopdi. Endi bolalarga nisbatan jinsiy jinoyat sodir etganlar uchun hech qanday yengillik berilmaydi: ular muddatidan oldin ozod qilinmaydi, jazolari yengilrog‘iga almashtirilmaydi va eng og‘ir holatlarda ularga umrbod qamoq jazosi beriladi. Bu tizim jinoyatchini jamiyatdan butunlay ajratadi va jazoning muqarrarligini ta’minlaydi.

Xulosa qilib aytganda, Namangandagi voqeadan keyin odamlarning g‘azablanishi tushunarli. Biroq huquqiy davlatda qarorlar hissiyot bilan emas, mantiq va uzoq muddatli oqibatlarni o‘ylab qabul qilinishi kerak. Eng yuqori jazo sifatida umrbod qamoqni saqlab qolish – jinoyatchiga nisbatan adolatli jazo belgilash va qonun ustuvorligini ta’minlash vositasidir. Agar bir marta o‘lim jazosini qaytarsak, bu keyinchalik boshqa xavfli oqibatlarga yo‘l ochadi (Pandora qutisi kabi). Senat qarori xalqaro majburiyatlarimizni ham buzmagan holda, bolalar xavfsizligini ta’minlash va adolatni qaror toptirish yo‘lidagi eng to‘g‘ri qadamdir.

 

Shohruh G‘ulomov,
Toshkent davlat yuridik universiteti Intellektual mulk huquqi sho‘basi o‘qituvchisi,
AQSHning Viskonsin-Madison Universiteti huquq magistri.