Qayd etilishicha, bolalar ovqatlanishi xavfsizligini taʼminlashga oid qonunchilik talablari va belgilangan standartlarga rioya etmaslik, bu borada nazorat mexanizmlarining yetarlicha samarali yoʻlga qoʻyilmagani oqibatida bolalar salomatligiga zarar yetishi holatlari yuzaga kelmoqda.
Toshkent viloyatining qator tumanlaridagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida kuni kecha yuz bergan salbiy vaziyat aynan shundan dalolat beradi.
Albatta, tergov organlari tomonidan holatga toʻliq huquqiy baho berilib, barcha aybdor shaxslarga qonun doirasida qatʼiy javobgarlik choralari koʻrilishi shart.
Shu bilan birga, bunday noxush holatlarning oldini olish, jumladan taʼlim muassasalarida bolalarni ovqatlanishi xavfsizligini taʼminlash maqsadida sohani tartibga soluvchi standartlarga rioya qilinishi ustidan alohida qatʼiy sifat nazorati oʻrnatilishi lozim.
Bunday sifat nazorati mexanizmi bolalar ovqatlanishiga oid xizmatlarni koʻrsatish tizimini doimiy monitoring qilish orqali amalga oshirilishi kerak. Xususan, xizmat koʻrsatuvchi (autsorser) korxonalar oʻz faoliyatida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq olib borayotganligi, oziq-ovqat mahsulotlarining belgilangan talablarga javob berishi va boshqa standartlarga rioya etish darajasi doimiy oʻrganilishi kerak.
Shuningdek, bolalar ovqatlanishiga oid xizmatlarni koʻrsatishga oid shartnomalar tuzishda inson omilini minimallashtirish orqali korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etish zarur.
Yana bir muhim preventiv chora — bolalar uchun sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlarni yetkazib bergan subyektlarning mazkur faoliyat bilan qayta shugʻullanishiga yoʻl qoʻymaydigan qatʼiy mexanizm joriy etilishdir.
Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan bolalar ovqatlanishi xavfsizligi sohasidagi muammolarni oʻrganish natijalari va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar mutasaddi idoralarga taqdim etiladi.
Bolalar salomatligi — millat salomatligi demakdir, uni saqlash uchun barcha zarur choralarni koʻrishimiz, har qanday xatarli omillarni bartaraf etishimiz shart.