Bu haqida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yilda respublika bo‘ylab 179 ta statsionar oromgoh va 1242 ta maktab qoshidagi sog‘lomlashtirish maskanida jami 314 ming 190 nafar bolaning dam olishi rejalashtirilgan.
Bolalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida oromgohlarda 692 nafar yo‘l-patrul xizmati xodimi xizmatga jalb etilgan.
Shuningdek, oromgohlarga olib boruvchi 3411,6 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llari ham ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga taqdimnomalar kiritilib, yo‘llarga 1297 ta yangi yo‘l belgisi o‘rnatilgan, eski va yaroqsizlari yangilangan.
Bundan tashqari, 244 ming kvadrat metrdan ortiq piyodalar o‘tish joyiga yo‘l chiziqlari chizilgan, 134 ming kvadrat metrdan ziyod yo‘l qismi ta’mirlangan.
Qayd etilishicha, amaldagi tartibga ko‘ra, bolalar guruhlarini oromgohlarga tashish Yo‘l-patrul xizmati xodimlari kuzatuvida amalga oshiriladi.
YHXX ota-onalarga ham murojaat qilib, yozgi ta’til vaqtida bolalarni qarovsiz qoldirmaslik, ularning yo‘l harakati qoidalariga amal qilishini nazorat qilish va transport boshqaruvini voyaga yetmaganlarga topshirmaslikni so‘ragan.
Shuningdek, idora issiq havoda bolalarni avtomobil ichida yolg‘iz qoldirmaslik, yo‘lni faqat belgilangan joydan kesib o‘tish hamda velosiped haydash qoidalariga rioya qilish zarurligini eslatgan.