Bolalarning tomogʻi ogʻrishi buyrakka zarar keltiradimi?

    Salomatlik 24 Noyabr 2020 6364

    Va umuman, inson organizmidagi urologik tizimning funksiyasi nimalardan iborat?

    Ushbu savollarga tibbiyot fanlari doktori, professor Jumanazar Beknazarov quyidagicha javob beradi:

    — Moddalar almashinuvi jarayonida organizmda keraksiz moddalar paydo boʻlib, ularni vujuddan chiqarib tashlash talab etiladi. Urologik tizim organizmda ana shunday muhim filtr vazifasini bajaradi.

    Agar mana shu tizim mukammal ishlamasa, zaharli moddalar organizmda koʻpayib ketishi natijasida inson tanasi halokatga yuz tutishi mumkin. Peshob ishlab chiqarish tizimida, avvalo, buyraklarning ahamiyati katta. Buyraklar 180-200 gramm ogʻirlikda boʻlib, umurtqa pogʻonasining ikki tarafida joylashadi. Ular xuddi loviyasimon koʻrinishga ega qoʻsh aʼzodir. Buyraklarning asosiy ishchi tizimi — nefronlardir. Nefronlar orqali qon oʻtadi va undan soʻng qon plazmasiga oʻtkaziladi.

    — Fimoz kasalligi, uni uy sharoitida qanday davolash yoʻllari bor?

    — Fimoz kasalligi oʻgʻil bolalarda uchraydigan urologik nuqson. Bunda bolaning olatini yopib turuvchi kertmak varagʻi uzun boʻlishi tufayli uning teshigi tor boʻladi. Natijada olat uchida tuz yigʻilib, yalligʻlanish yuzaga keladi. Bu nuqsonni oddiy sterillangan bint va besh foizli sintomitsin surtmasi yordamida uy sharoitida bartaraf etish mumkin.

    Buning uchun chaqaloqlar patronajiga borgan hamshira bolaning urologik tizimini yaxshilab koʻrikdan oʻtkazib, nuqson aniqlansa, onaga bola parvarishi boʻyicha maslahat va tavsiya berishi lozim. Oʻz vaqtida koʻrilgan ana shunday choralar kelgusida balanit, balanopostit kabi urologik kasalliklarning oldini olishga zamin boʻladi.

    Hozirda bolalarda buyrak-tosh kasalliklari koʻp uchrayotganining sabablari nimada?

    — Bolalarda uchrayotgan buyrak-tosh kasalliklari ming afsuski, soʻnggi yillarda 3-4 barobar koʻpaydi. Bunga asosiy sabab esa buyraklarda moddalar almashinuvi jarayonining buzilishidir. Ushbu holatga birinchi navbatda notoʻgʻri ovqatlanish oqibatida duch kelinadi.

    Odam organizmidagi baʼzi tuzlar nordon muhitda erisa, baʼzilari kislotali (ishqoriy) sharoitda parchalanadi. Agar bola har kuni bir xil ovqat isteʼmol qilaversa, buyrakda muhit oʻzgarmay qolaveradi. Yaʼni, kislotali muhitda eriydigan tuz va toshlar hadeb nordon muhit tushaversa, muqim qotib qoladi. Yoki aksincha, nordon sharoitda eriydigan toshlar ishqoriy muhitda eriy olmay, kattalashaveradi. Bola turli ovqatlar bilan oziqlantirib turilsa, uning buyrak tizimidagi muhit tez-tez oʻzgarib, tuz va toshlar toʻplanishiga imkon qolmaydi.

    — Bolalarning tomogʻi ogʻrishi buyrakka qanday zarar keltirishi mumkin?

    — Bolaning tomogʻi ogʻriganda bodomcha bezda paydo boʻladigan yiringlar qonga soʻrilishi natijasida organizmda har xil antigen va antitanachalar paydo boʻladi. Ular buyrak koptokchalarida toʻplanib qolishi tufayli yalligʻlanish yuzaga keladi. Bu tibbiyot tilida glomerulonefrit deyiladi.

    Kasallikni davolash uchun ikki yil va undan koʻproq vaqt talab etiladi. Baʼzi hollarda dard bir umr inson sogʻligʻiga taʼsir etadi. Buyrak transplantatsiyasi oʻtkazilayotgan bemorlarning toʻqson foizi bolaligida glomerulonefrit bilan xastalangani buning isbotidir. Demak, bolalarda uchraydigan tomoq ogʻrigʻiga befarq boʻlish keyinchalik oila va hatto jamiyatga ham qimmatga tushishi mumkin. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.