Qaror bilan Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash va aholiga yanada yaqinlashtirishga oid chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Dastur doirasida tez tibbiy yordam avtotransportlariga radioaloqa vositalari va GPS-trekerlar oʻrnatiladi va brigadalar planshetlar bilan taʼminlanadi.
Tez tibbiy yordam boʻyicha elektron tizim Toshkent shahri tajribasi asosida 2023-yil 1-sentyabrgacha respublikaning boshqa hududlarida toʻliq joriy qilinadi.
Markazning hududiy filiallarida yagona “Call-markaz”lar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
“Call-markaz”larda chaqiruvlarni qabul qiluvchi xodimlar bilan birga shifokor xodimlardan iborat maxsus tibbiy maslahat xizmati faoliyati tashkil etiladi.
Tez tibbiy yordamning tuman (shahar) yoki hudud chegarasidan qatʼi nazar bemorgacha masofaning yaqinligiga qarab tibbiy brigadani yoʻnaltirish yoʻlga qoʻyiladi.