Buning uchun oʻgʻil-qizlarni pediatriyada belgilangan tartibda chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklardan oʻtkazib turish lozim. Agar bolada bitta buyrak borligi aniqlansa va u sogʻlom boʻlsa, mutaxassislar kichkintoyning kelgusida ham sogʻlom hayot kechirishi uchun zarur choralarni koʻradi.
Bola isitma qilganda, har xil yuqumli kasalliklarga chalinganda, ich ketishi sabab kuchli darajada suvsizlanish kuzatilganda, indagi boshqa oʻtkir yoki surunkali kasalliklarni davolash chogʻida buyrakka toksik taʼsir qiluvchi dori vositasi ishlatilganda, bolaning ota-onasi biror bir dori vositasini shifokor maslahatisiz uning yoshiga mos kelmaydigan dozada berganda, yagona buyrakning ishdan chiqishi xafvi bor.
Bolalar orasida oshqozon-ichak tizimi infeksiyalari bilan kasallanish tez-tez uchrab turadi. Ushbu xastaliklarda baʼzi bolalarda tinimsiz ich ketishi va qayt qilish tufayli juda koʻp suyuqlik yoʻqotiladi, natijada organizm suvsizlanib peshob ajralmay qoladi. Bu buyrak oʻz faoliyatini toʻxtatganining alomatidir. Mazkur holat zamonaviy tibbiyotda buyraklarning oʻtkir zararlanishi, deb ataladi. Buyraklarning oʻtkir zararlanishi oʻlim darajasi yuqori boʻlgan shoshilinch holat boʻlib, unga zudlik bilan yuqori malakali davo usullari qoʻllanilmasa, bola hayoti xavf ostida qoladi.
Bolalar milliy tibbiyot markazi va viloyat bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida buyraklarning oʻtkir zararlanishiga chalingan kichik yoshli bemorlar uchun yetarli darajada sunʼiy buyrak apparatlari mavjud.
Biroq baʼzida zarur davo choralari koʻrilsa-da, bolalarda buyraklar ish faoliyati tiklanmasligi ham kuzatiladi. Natijada kichkintoylar hayotdan koʻz yumishi yoki ularda surunkali buyrak yetishmovchiligi rivojlanishi mumkin.
Komiljon HAMZAYEV,
Bolalar milliy tibbiyot markazi nefrologiya boʻlimi shifokori,
tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent









