Bolaning tez-tez shamollashi adenoid alomatimi?

    Bolaning sogʻlom ulgʻayishi alohida parvarishni talab etadi. Biroq baʼzan bu ishga masʼuliyat bilan yondashilsa-da, ularda shamollash yoki grippga chalinish holatlari koʻp uchraydi.

    Ayniqsa, qishning sovuq kunlarida bu holat tez-tez takrorlanishi ota-onalarni tashvishga solishi aniq.

    Shifokorlarning taʼkidlashicha, yosh bolalarda ushbu holat koʻpincha adenoid kasalligi sababli qaytalanadi.

    Xoʻsh, adenoid oʻzi nima? Uning kelib chiqish sabablari, alomatlari hamda davolash usullari qanday?

    Ushbu savollarga oliy toifali shifokor Ravshanbek Umarov javob beradi.

    — Adenoid – burun-halqum boʻshligʻida joylashgan bodomsimon (murtak) bezning kattalashuvi, — deydi mutaxassis. — Uning asosiy vazifasi tanani turli bakteriya va viruslardan himoyalashdir.

    Ushbu bez infeksiyalarga qarshi kurashish uchun koʻplab immunitet hujayralari ishlab chiqarishi oqibatida kattalashib boradi. Virus yoki bakteriyalar yoʻqolishi bilan yana oʻz holiga qaytadi.

    Bodomsimon bez toʻqimalarining patologik oʻsishi odatda maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarda koʻp uchraydi. Uning kelib chiqishiga asosan turli yuqumli kasalliklar – qizamiq, difteriya, angina, gripp, kuchsiz immunitet va allergiyaga moyillik sabab boʻladi. Baʼzida irsiy omillar ham adenoid rivojlanishiga zamin yaratadi.

    Kasallik paytida burun yoʻli berkilib, bola asosan ogʻizdan nafas oladi. Bu esa organizmda kislorod yetishmasligiga olib keladi. Tez-tez shamollash, holsizlik, uyqusizlik, hid bilish va eshitish qobiliyatining pasayishi, yutinish bilan bogʻliq muammolar, talaffuzdagi oʻzgarishlar, uxlaganda xurrak otish hamda yuqori jagʻ tishlarining notoʻgʻri rivojlanishi ham adenoid alomatlari boʻlishi mumkin.

    Agar xastalik oʻz vaqtida davolanmasa, nafas olish funksiyasi va miyada qon aylanishi buziladi. Xotira zaiflashib, nevrologik va psixik oʻzgarishlarga olib keladi. Shuningdek, kamqonlik, gaymorit, frontit kabi nafas yoʻllari kasalliklari, yiringli otit ham adenoid asoratlaridir.

    Shu sababli bu kasallikka eʼtiborsiz boʻlish yaramaydi. Buning uchun oʻz vaqtida shifokorga murojaat qilish zarur.