— Bu koʻkarish (sianoz) bilan kuzatiladigan tugʻma yurak nuqsonlarining bir belgisi hisoblanadi, — deb fikr bildiradi tibbiyot fanlari doktori, professor Hakimjon Abrolov. — Bundan tashqari, tez-tez shamollab, tuzalishi choʻzilayotgan yoki pnevmoniyaga chalinadigan bemor bolalarni ham kardiolog chuqur tekshirishi kerak. Ota-ona bunga eʼtiborsizlik qilib, bolaga oʻz bilganicha dori ichirishi mumkin emas.
Bunday holatlarning oldini olish uchun bolalar tarbiyasi va sogʻligʻiga eʼtiborli boʻlish, tez-tez shamollaydigan, injiq, nimjon bolalarni alohida kuzatuvga olishi maqsadga muvofiq. Shunda tugʻma yurak nuqsonli bemor bolalarni oʻz vaqtida aniqlab sogʻlomlashtirishga erishish mumkin.
Shuni unutmaslik kerakki, tugʻma yurak nuqsoni bilan xastalangan bolani parvarishlashda toʻgʻri ovqatlantirish, oʻz vaqtida uxlatish barobarida, oilada tozalik va gigiyena qoidalariga ham toʻla rioya etilishi kerak.
Aks holda, bolada surunkali infeksiyali jarayonlar yuzaga kelib, boshqa kasalliklarni ham paydo qilishi, bemorning ahvolini yanada ogʻirlashtirishi mumkin.
Yana bir muhim holat, tugʻma anomaliyalar, yaʼni tugʻma yurak nuqsoni va markaziy nerv sistemasi, oshqozon-ichak tizimi va boshqa aʼzo-sistemalarning tugʻma anomaliyasi birgalikda kelishi holatlarida davolash taktikasini belgilash juda ham qiyin hisoblanadi. Bunday holatlarda bola hayoti uchun xavf tugʻdirayotgan holat birinchi boʻlib davolanishi kerak.
Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.









