Agentlik bosh direktori shoir va mutafakkir Pahlavon Mahmud haqidagi ushbu filmni hindistonlik kinoijodkorlar bilan birga yaratishni taklif qildi. Bollivud rejissyori bu taklifga oʻz roziligini bildirib, Hindistonda oʻtkaziladigan syomka jarayonlariga amaliy koʻmak berishini taʼkidladi.
— Tarixda oʻzbek va hind kinoijodkorlari hamkorligida yaratilgan kinoasarlar talaygina. Xalqlarimiz madaniyati, urf-odatlari yaqinligi ko-produksiyalar yaratishimizda debocha vazifasini oʻtaydi. Hind kinoijodkorlari bilan hamkorlikda ishlangan filmlar oʻzbek kinosining oltin xazinasiga aylangan. Oʻylaymanki, buyuk bobokalonimiz Pahlavon Mahmud haqidagi mazkur film ham oʻz tomoshabinini topadi, — dedi Firdavs Abduxoliqov.
Badiiy filmda Xorazm vohasining oʻziga xos qadimiy urf-odatlarini koʻrsatib berish bilan bir qatorda oʻsha davrga xos milliy kiyim-kechaklar, qurol-aslahalar bazasi aks ettiriladi. Pahlavon Mahmud hayotini koʻrsatish bilan birga, ming asrlardan buyon oʻz tarixini saqlab qola olgan koʻhna Xiva bilan bogʻliq milliy va qadimiy obidalar, yurt bagʻrida yetishib chiqqan faylasuflar ijodi haqida hikoya qilinadi.
Film postanovkachi rejissyori Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Hamidulla Hasanov, ssenariy mualliflari Anvar Ergashev, Yuliya Medvedovskaya va Jasur Mahmudov, postanovkachi operator Habibulla Hasanov, rassom Nigʻmat Joʻrayevlardan iborat ijodiy guruh tomonidan ishlangan. Hozirda filmning suratga olish ishlariga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Maʼlumot oʻrnida, filmda oʻzbek kinoijodkorlari bilan birga hind aktyorlarining ham rol ijro qilishi rejalashtirildi.