Xabar yuzasidan Jizzax viloyati Ekologiya va atrof -muhitni muhofaza qilish boshqarmasining bioxilmaxillikni asrash, raqamlashtirish va kadastr yuritish boʻlimi xodimlari tomonidan Baxmal tumani IIB bilan hamkorlikda surishtiruv-oʻrganish ishlari olib borildi.
Maʼlum boʻlishicha, Baxmal tumanidagi “Oʻsmat” МFYda istiqomat qiluvchi T.X.ismli va Baxmal tumanidagi “Novqa” MFYda yashovchi J.M. ismli fuqaro 3 ta boʻri bolasini ushlab, ularni sotish boʻyicha ijtimoiy tarmoq sahifalariga joylashgan.
Tezkor nazorat reyd tadbirida fuqaro X.Tning oʻziga tegishli boʻlgan avtomashina yukxonasida 3 ta boʻri bolasi borligi aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida olindi. Huquqbuzarlarning har biriga Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 90-moddasi, 1-qismiga asosan jarima qoʻllanildi.
Ayni vaqtda boʻri bolalari ekologlar tomonidan parvarish qilinmoqda. Ob-havoning qulay boʻlgan vaqtida ularni ushlangan joyiga olib borib, tabiat qoʻyniga qoʻyib yuborish rejalashtirilmoqda. Bu haqida yana qoʻshimcha maʼlumot beriladi, deya xabar bermoqda Davlat Ekologiya qoʻmitasi.