Maʼlum boʻlishicha, Zulfiya Murotova boshiga qon quyilishi tashhisi bilan Istanbul shahrining Bashakshehir tumanida joylashgan “Cham va Sakura” kasalxonasida 7 oy koma holatida yotgan, soʻngra esa falaj boʻlib qolgan.
Bosh konsulxona tomonidan mazkur kasalxona mutasaddi xodimlari bilan olib borgan muzokaralar natijasida shifoxona tomonidan vatandoshimizga koʻrsatilgan tibbiy xizmat xarajatlari narxi qariyb ellik foizga qisqartirilib, davolanish mablagʻini keyinchalik toʻlash sharti bilan uni shifoxonadan chiqarishga kelishildi.
Shuningdek, Bosh konsulxona saʼy-harakatlari bilan opa-singilni Oʻzbekistonga qaytarish uchun Istanbuldagi oʻzbek diasporasi vakillari koʻmagida aviachipta xarid qilindi va zarur tibbiy talablarga rioya qilingan holda Toshkent shahriga yuborilishi taʼminlandi.
Shu oʻrinda qayd etish oʻrinliki, yurtimizda soʻnggi yillarda xorijiy yurtlarda boʻlib turgan vatandoshlar bilan doimiy muloqot va hamkorlikni rivojlantirish, ularning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokini ragʻbatlantirish hamda xorijdagi vatandoshlarning huquq-manfaatlarini toʻlaqonli va har tomonlama himoya qilishga koʻmaklashish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda, shubhasiz, mamlakatimizning xorijdagi diplomatiya vakolatxonalari hissasi katta boʻlmoqda.