Oʻtgan besh yil ichida Namangan viloyatida yalpi hududiy mahsulot oʻsishi koʻrsatkichi 129,3 foizni tashkil etdi, 185 ta xorijiy qoʻshma korxonalar tashkil etildi. Ayni paytda viloyatda ikkita erkin iqtisodiy zona va 72 ta kichik sanoat zonalari mavjud.

Bu mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratib berilayotgan qulay va keng imkoniyatlarning samarasidir. Ayniqsa, Prezidentimizning 2021-yil 18-19-fevral kunlari viloyatimizga qilgan tashriflari davomida oldimizga yangi va dolzarb vazifalar qoʻyildi.

Ularning ijrosini taʼminlash maqsadida bir qator ishlarni amalga oshirdik. Jumladan, ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun “Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi”, respublika hamda mahalliy byudjetdan jami 300 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi belgilangan boʻlsa, bugungi kunga qadar viloyat boʻyicha jami 1 367,2 kilometr ichki yoʻllarda taʼmirlash ishlari bajarildi. Dastur boʻyicha 726,7 kilometr ichki yoʻllarda taʼmirlash hamda hashar yoʻli bilan qoʻshimcha 640,5 kilometr yoʻllarni shagʻallash ishlari amalga oshirildi. Misol uchun, Yangi Namangan tumanidagi “Kelajak tongi” mahallasidagi “Saxovat uyi”ga boruvchi yoʻlning 3 kilometr qismi, Namangan shahri “Goʻzal” koʻchasining 1,5 kilometr yoʻl, shuningdek, “Sharshara” mahallasi yoʻlining 8 kilometr qismi toʻliq asfaltlandi.

Aholini toza ichimlik suviga boʻlgan talabini qondirish maqsadida hozirgi kunga qadar 355,9 kilometr ichimlik va oqava suv tarmoqlari tortildi, 1 ta yangi suv olish, 1 ta oqava suvlarni tozalash inshootlari qurildi, 4 ta suv olish inshootlari mukammal taʼmirlandi. Natijada 84 ta MFYda yashovchi 248,6 ming aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi.

Elektr energiyasi taʼminotini yaxshilash maqsadida 9 500 ta yangi temir beton tayanchlar oʻrnatildi, 405 kilometr elektr tarmogʻi tortildi, 152 ta yangi transformatorlar oʻrnatildi. Natijada, 28,0 ming nafar aholini va 1,5 mingta ulgurji isteʼmolchilarning elektr energiyasi taʼminoti yaxshilandi.

Gaz taʼminoti masalasidagi mavjud muammolar ham jadallik bilan yechim topmoqda. Shu kungacha 14,4 kilometr tarmoqlar joriy taʼmirlandi. 40 ta gaz taqsimlash punktlari joriy va 26 tasi mukammal taʼmirlandi, 219 ta yangi gaz ballonlar hamda 34 682 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

Davlatobod tumanining 8 ta mahallasidagi 350 ta koʻp qavatli uylar va unda joylashgan 15,4 mingta xonadonlarni markazlashgan issiqlik taʼminotini qayta tiklash ishlari boshlangan. Jumladan, Davlatobod tumanidagi Porloq MFY hududidagi 59 ta uylarda ichki tarmoqlarni tiklash-taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, qurilish ishlari davom etmoqda.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida joriy yilda viloyatda 775 ta mahallaning arxitektura qiyofasini yangilash va hududlarini obodonlashtirish boʻyicha dasturlarga kiritilgan 22 ta qishloq va 4 ta mahalla bosh rejalari ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Hozirgi kunga qadar, dastur doirasida 509,2 milliard soʻm mablagʻ oʻzlashtirildi.

Aloqa va axborotlashtirish tizimini yaxshilash doirasida 264 kilometr aloqa tarmoqlari hamda 133 ta bazaviy stansiyalarni oʻrnatish va modernizatsiya qilish ishlari bajarildi. Bugungacha 264 kilometr aloqa tarmoqlari qurildi.

Ijtimoiy soha infratuzilmasini yaxshilash doirasida 130 ta bogʻcha, 149 ta maktab, 72 ta tibbiyot muassasasi qurish va taʼmirlash boʻyicha hozirga qadar 127 ta bogʻchalarda 18,7 milliard soʻmlik, 127 ta maktablarda 14,4 milliard soʻmlik, 50 ta tibbiyot muassasasida 10 milliard soʻmlik qurish-taʼmirlash ishlari bajarildi.

Mahalla va madaniyat obyektlarini rivojlantirish doirasida 101 ta mahalla binosi, 11 ta mahalla guzarida 9,7 milliard soʻmlik qurilish ishlari bajarildi. Shuningdek, 1 ta madaniyat markazida qurilish ishlari davom etyapti.

Ijtimoiy sohada ham eʼtiborga molik natijalarga erishilyapti. Jumladan, Namangan shahrining “Orzu” mahallasida qiymati 18,3 milliard soʻmlik 110 kishiga moʻljallangan, barcha sharoitlariga ega “Saxovat” uyi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, Namangan shahrida 2 ta yangi oilaviy poliklinika qurish ishlari uchun 12,1 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan. Viloyat boʻyicha tibbiy-asbob uskunalar sotib olish uchun esa 18,7 milliard soʻm sarflandi.

Taʼlim sifatini oshirish maqsadida Pokiston Islom Respublikasi bilan hamkorlikda Namangan shahrida Lahor universiteti kampusi va klinikasi tashkil etish boʻyicha bitim imzolandi. Lahor universiteti bilan hamkorlikda “The International University of Namangan” nodavlat oliy taʼlim muassasasini tashkil etish boʻyicha ishlar boshlandi.

Maktablarda ingliz tilini rivojlantirish maqsadida Fulbright dasturi doirasida 2 nafar, “English Speaking Nation” dasturi doirasida
2 nafar amerikalik mutaxassislar, rus tili fanini oʻqitilish sifatini oshirish maqsadida “ZOʻR” (“KLASS”) dasturi doirasida 6 nafar rossiyalik mutaxassislar viloyatimizga tashrif buyurdi. “Zoʻr!” loyihasi oʻquv mashgʻulotlarining 2-bosqichi yakuni boʻyicha 240 nafar rus tili fani oʻqituvchilariga Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti mutaxassislari tomonidan sertifikatlar topshirildi. Ularning 148 nafari TRKI boʻyicha S1 darajadagi va 226 nafari TPK boʻyicha sertifikatlarga ega boʻldi.

Yangi oʻquv yilida 4 ta matematika, 4 ta kimyo-biologiya, 6 ta informatika, 14 ta xorijiy tillar hamda 5 ta fizika fanlariga, jami 33 ta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilyapti.

Hududlar boʻyicha taʼlim sifati past boʻlgan Namangan tumanidagi umumtaʼlim maktablariga Namangan davlat universitetining professor-oʻqituvchilari biriktirildi, respublikada faoliyat olib boruvchi mahoratli oʻqituvchilar tomonidan maktablarda oʻquvlar tashkil etildi, barcha oʻqituvchilarning bilimlarini aniqlash boʻyicha testdan oʻtkazildi, Qorakoʻl xalqaro maktabi bilan shartnoma imzolandi.

Viloyatimizda ham “Mahallabay” ishlash tizimi asosida 775 ta mahallalarga biriktirilgan 1 331 ta tijorat bank va iqtisodiy idora xodimlari tomonidan 502 mingta xonadonlar oʻrganildi. Oʻrganish jarayonida 92 248 ta muammo aniqlandi. Shundan, oʻtgan davr mobaynida 84 820 ta yoki 91,9 foiz muammolar bartaraf etildi. Muxtoj oilalarning manzilli roʻyxatlari shakllantirilib, hududlardagi 106 ta oilalarga chorva hayvonlari, 1 643 ta oilalarga 26 653 ta parranda, 1 176 ta ehtiyojmand oilalarga tikuv mashinalari, 1 005 ta yoshlarga texnika vositalari berildi.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va kengaytirish istagi mavjud 28,8 mingta subyektlar aniqlangan. Bugungacha ularning 26,6 mingtasiga jami 575,3 milliard soʻm kredit mablagʻlari ajratildi va 25,5 ta fuqaro bandligi taʼminlandi. 

Viloyat boʻyicha joriy yilda “Temir daftar”ga 34 761 ta ehtiyojmand oila va ularda yashovchi 48 885 nafar mehnatga layoqatli ishsizlar kiritilgan edi. Ularning 48 504 nafari ishga joylashtirildi. Shu kabi koʻrsatilgan amaliy yordamlardan soʻng Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari qarorlari bilan 48 504 nafar mehnatga layoqatli aʼzolari boʻlgan 34 077 ta oila “Temir daftar”dan chiqarildi. Hozirda qolgan 684 ta oila bilan ish olib borilyapti.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan 35 275 nafar ayoldan 34 911 nafarining muammolari oʻrganilib, ijobiy hal etildi. Bugungacha 5 334 nafar ayolga jami 72,3 million soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi.

“Yoshlar daftari”ga esa 50 556 nafar yoshlar kiritilgan edi va “Yoshlar jamgʻarma”siga mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan mablagʻlaridan 17,3 milliard soʻm mablagʻ ajratib berildi. Bugunga qadar 41 486 nafar “Yoshlar daftari”dagi yigit-qizlarning muammolari hal etildi. Jumladan, yoshlarning 12 012 nafari ishga joylashtirildi, 18 930 nafariga vaqtincha foydalanish uchun yer berildi, 4 120 nafariga kreditlar ajratildi, 2301 nafari “Ustoz-shogird” anʼanasi doirasida hunarmandlarga biriktirildi, 4 123 nafarini ham boshqa yoʻnalishlardagi muammolari oʻz yechimini topdi.

Ayni paytda viloyat boʻyicha 127,3 ming nafar fuqaro ishsiz, 57,5 ming nafar fuqaro ishlash uchun xorijga ketgan. 2020-2021 oʻquv yilida taʼlim muassasalarini 41 580 nafar bitiruvchi tamomladi. Ularning 26 099 nafarini mehnat bozoriga kirishi kutilmoqda.

Joriy yilning 6 oyi davomida barcha sohalarda 113 135 yangi ish oʻrinlari yaratildi. Yil yakuniga qadar 192 512 ta yangi ish oʻrinlari yaratilib, ishsiz aholi bandligi toʻliq taʼminlanadi. Bundan tashqari, gʻalladan boʻshagan maydonlarni takroriy ekin ekish uchun ajratib berish hisobiga yana 262,2 mingta yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Qishloq xoʻjaligi viloyatimizning yetakchi sohasi hisoblanadi. Joriy yilda paxta hosili uchun 7 ta paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan 63 406 gektar maydonda gʻoʻza parvarish qilinyapti. Bu maydonlarning har gektaridan oʻrtacha 40 sentnerdan 221,0 ming tonna paxta xom-ashyosi yetishtirish kutilyapti.

67 750 gektar maydondagi gʻalladan 175 355 tonna tovar don va 18 022,3 tonna urugʻlik jamgʻarildi. Yangiqoʻrgʻon tumanidan boshqa barcha tumanlarda gʻalla sotish rejasi ortigʻi bilan bajarishga erishildi. Viloyatdagi 1 411 ta fermer xoʻjaliklarining 1 279 tasi davlatga don sotish rejasini ortigʻi bilan bajardi. Bugungacha 61 356 gektar maydonga takroriy ekinlar ekildi.

Vaqtincha ishsiz aholiga maʼlum miqdordan yer berilishi natijasida 63,0 ming gektar maydonda ekin ekish ishlari amalga oshirildi, natijada 238 627 nafar aholining bandligi taʼminlandi.

Ushbu yilda 33 000 gektar yer maydonlarini oʻzlashtirish va qishloq xoʻjaligi ekinlarini ekish boʻyicha manzilli dastur ishlab chiqilib, 21,6 ming gektar yer maydonlari oʻzlashtirildi. Bu yerlarga 122 kilometr sugʻorish tarmoqlari qurildi, 39 kilometr kollektor tarmogʻini taʼmirlash, 53 dona tik sugʻorish quduqlari qurish, 12 ta nasos agregatlarini qurish, 31 kilometr elektr tarmoqlarini tortish ishlari hamda 331 gektar maydonda tomchilatib sugʻorish texnologiyalari qurildi. Oʻzlashtirilgan yerlarning 7 gektarida poliz ekinlari, 727 gektarida dukkakli ekinlar, 354 gektarda moyli, 127 gektar sholi, 1 475 gektar ozuqa ekinlari, 1474 gektar boshqa ekinlar va 4 721 gektarda intensiv bogʻlar barpo etildi.

Ijtimoiy koʻmakka muhtoj shaxslarga ajratilayotgan mablagʻlarning manzilli yetib borishi nazoratga olindi.

Xususan, 6 oy davomida 103 nafar ijtimoiy koʻmakka muhtoj shaxslarning (adashganlar) uy-joy olib berish, yashash xonadonida 2 xonali uy qurib berish, uy-joyini taʼmirlash, farzandlarini toʻyini qilib berish, sogʻligʻini tiklash, turmush sharoitini yaxshilash, farzandlarining kontrakt pullarini toʻlab berish kabi muammolarini hal qilish uchun Respublika maxsus jamgʻarmasidan ajratilgan 2 milliard 690 million soʻm pul mablagʻlari bilan ularning muammolari bartaraf etildi.

Hozirda viloyatda 4 ta milliy madaniy markazlar toʻlaqonli faoliyat olib boryapti. Namangan shahrida tashkil etilgan “Doʻstlik uyi” uchun ajratilgan bino 1,2 milliard soʻm mablagʻ hisobiga kapital taʼmirlandi. “Doʻstlik uyi”dagi 4 ta markazlar 13 ta kompyuter jamlanmasi, 4 ta televizor, 15 ta shkaf, 20 ta stol, 101 stul hamda milliy cholgʻu asboblari va liboslar jamlanmasi bilan taʼminlandi.

Xulosa qilib aytganda, viloyatda har bir sohada ulkan oʻzgarishlar yuz beryapti. Buning zamirida mehnatkash, oqkoʻngil va ahil namanganliklarning yana-da yaxshi yashashiga erishishdek maqsad mujassam. Bu ezgu jarayonda halol mehnati va bilimini, kuch-salohiyatini ayamayotgan yurtdoshlarimizni qadrlashimizni mamnuniyat bilan taʼkidlashni istardim. Zero, ular qalbidagi ertangi kunga boʻlgan ishonch hayotimizni fayzga toʻldiraveradi.

Ahmadjon Aʼloxodjayev, Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashi deputati.