Bosh prokuratura tomonidan “Bo‘zsuv oqova suv tozalash” inshootiga kelib tushayotgan oqova suvlarning tarkibi, ularning tozalanishi hamda “Quyi Bo‘zsuv” kanaliga quyilishida amaldagi tartib va normativlarga rioya etilishi ahvoli Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mutaxassislari ishtirokida  o‘rganilmoqda.

O‘rganishda  tozalash inshootiga Toshkent shahrida joylashgan  18 ta (15 ta tekstil va 3 ta qushxona) tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan oqova suv tarmog‘iga yuqori konsentrasiyada ifloslangan, kimyoviy moddalari mavjud bo‘lgan oqova suvlar oqizib kelinayotganligi aniqlandi.

“Bo‘zsuv oqova suv tozalash” inshooti kelib tushgan oqova suvlarni biologik tozalashga mo‘ljallangan bo‘lib, unda oqova suvlarni kimyoviy va fizikaviy tozalash imkoniyatlari mavjud emas.

Oqizilayotgan oqovalarda me’yorga nisbatan azot ammoniy konsentrasiyasi, azot nitrit, kislorodning biologik iste’moli, kislorodning kimyoviy iste’moli, neft mahsulotlari, fosfor, temir va xrom ortiqcha ekanligi oqibatida, inshoot atrofidagi havoda vodorod sulfidi miqdori me’yordan oshib ketib, ifloslangan suvdan badbo‘y hid tarqalayotganligi hududda yashovchi aholining noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.

Bosh prokuratura qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni  “Toshkent shahar suv ta’minoti” MCHJ tomonidan  muqaddam berilgan ogohlantirish va laboratoriya tahlil natijalari bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etmaganlarga nisbatan ichimlik va oqova suvi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni bekor qilish to‘g‘risida ogohlantirdi.