Unda joriy yilning 13 dekabr kuni Chilonzor tumani KXAY – Foziltepa chorrahasida “Spark” rusumli transport vositasi Toshkent shahar IIBB YHXB inspektorlari tomonidan to‘xtatilib haydovchidan hujjatlar taqdim qilinishi so‘ralganida, haydovchi o‘zini Bosh prokuraturaning xodimi sifatida tanishtirib, guvohnoma ko‘rsatgan vaqtida guvohnoma xolislar ishtirokida tegishli tartibda rasmiylashtirib olib qo‘yilganligi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilganida, haydovchi O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari tizimida xizmat qilmacligi va u tomonidan taqdim qilingan guvohnoma qalbaki ekanligi aniqlangan.
Ushbu holat bo‘yicha Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 3-qismi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlariga kirishildi.
Shuni qayd qilish lozimki, mazkur lavhani tayyorlash va ma’lumotlar taqdim qilishga mas’ul bo‘lgan matbuot xizmati tomonidan holatga to‘liq oydinlik kiritilmasdan, biryoqlama va noxolis taassurot va tushunchalarga sabab bo‘ladigan ma’lumot taqdim qilingan.
Bu kabi noxolis ma’lumotlar prokuratura organlari sha’niga putur yetkazadi hamda jamoatchilikda salbiy fikrlar yuzaga keltiradi.
Shu bois, ommaviy axborot vositalariga taqdim qilinadigan ma’lumotlarni haqqoniyligini tekshirib, so‘ngra taqdim qilish maqsadga muvofiq.