Qayd etilishicha, ushbu holatlarga OʻzLiDeP tomonidan qatʼiy munosabatlar bildirilib, deputatlar tomonidan mutasaddi idoralarga deputatlik soʻrovlari kiritilmoqda.
Ammo yuqoridagide holatlarning takrorlanayotganligi partiya deputatlarini xavotirga solmoqda. Jumladan, kuni kecha Boyovut tumani hokimligi mutasaddilari tomonidan fermerlarga zoʻravonlik ishlatishi, yer uchastkalarini topshirish toʻgʻrisida koʻrsatma berishi holatlari ayrim mansabdorlarning noqonuniy xatti-xarakatlarini koʻrsatmoqda.
Sodir etgan xatti-harakatlar Sirdaryo viloyati hokimligi Odob-axloq komissiyasi yigʻilishida keskin tanqidiy muhokama etilgan va Boyovut tumani hokimi Dilfuza Uralovaga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralarini koʻrish uchun viloyat hokimiga taqdimnoma kiritilgan.
Shu bilan birga, partiya foollari hududlarda fermerlar faoliyatiga noqonuniy aralashuv, ularga zoʻravonlik qilish, mol-mulklarini erkin tasarruf etishga toʻsqinlik qilish holatlarini keskin qoralab, mansabdor shaxslarni qonunlarga rioya etishga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasini bu borada qatʼiy nazorat oʻrnatishga chaqirmoqda.
Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi, 65-moddasi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 18-moddasi, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddalarida insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emasligi, hech zoʻravonlikka, inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi, xususiy mulk daxlsizligi, mulkdor oʻz mol-mulkidan qonunda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan tashqari hamda sudning qaroriga asoslanmagan holda mahrum etilishi mumkin emasligi belgilangan.