Bosh prokuratura jurnalistlarning huquq va erkinliklari qonun bilan qoʻriqlanishini eslatib oʻtdi

    Bosh prokuratura jurnalistga bosim oʻtkazgan xodimlarga xizmat tekshiruvi tayinlanganini maʼlum qildi.

    Bosh prokuratura Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Nuz.uz internet sayti muxbiri Mixail Dovlatov bilan bogʻliq holatga huquqiy baho berish haqidagi soʻrov xatini ijro uchun qabul qilganini maʼlum qildi.

    Voqealar avvalida Nuz.uz nashrining ijtimoiy muammolarni oʻrganish bilan shugʻullanuvchi muxbiri Mixail Dovlatov Uchtepa tumanidagi 11-mavzeda yashovchilarning avtoturarjoylar (150 ga yaqin) oʻrnida va 98 ta daraxtni kesib, bolalar bogʻchasi qurish ishlari amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi murojaatni koʻrib chiqmoqchi boʻlgani, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan qoʻlga olingani haqida xabar tarqalgandi.

    Keyinroq, Oliy sud axborot xizmati tomonidan Jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tuman sudining 2024-yil 16-yanvardagi qaroriga muvofiq, Mixail Dovlatovning harakatida maʼmuriy huquqbuzarlik alomati yoʻqligi sababli, unga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bilan yuritilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish MJtKning 271-moddasi (maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishni istisno etuvchi holatlar) 1-bandiga asosan tugatilgani eʼlon qilindi.

    Bosh prokuratura axborot xizmati jurnalist bilan bogʻliq holatga aloqador shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlanganini maʼlum qildi.

    “Shu oʻrinda, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyati va jurnalistlarning huquq va erkinliklari qonun bilan qoʻriqlanishi haqida yana bir bor eslatib oʻtamiz,” — deyiladi xabarda.