Bosh prokuror oʻrinbosari Xorazm viloyatida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlar ijrosi oʻrganildi

    Voqea-hodisalar 5 May 2021 2203

    Xususan, A.Mavlonov viloyatning Yangibozor tumani va Urganch shahrida ham boʻlib, bu borada amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, qurilish va taʼmirlash ishlari bilan yaqindan tanishdi.

    Qayd etish kerakki, dastur doirasida Yangibozor tumaniga 107 ta obyektlarni qurilish, taʼmirlash va obodoshlashtirish ishlari boʻyicha jami 77 mlrd 891 mln soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan.

    Jumladan, tumandagi “Xayvat” va “Guliston” mahallalarida 20 mlrd soʻm mablagʻ asosida ijtimoiy-iqtisodiy obyektlarda ichki yoʻllarni taʼmirlash, ichimlik suvi quvurlarini oʻtkazish, maktabgacha taʼlim muassasasi, maktab va tibbiyot muassasalarini yangidan barpo etish, mavjudlarini toʻliq taʼmirlash ishlari rejalashtirilgan.

    Shuningdek, dastur doirasida Urganch shahrining birgina “Islomobod” va “Ziyokor” mahallalariga 16 mlrd 297 mln soʻm mablagʻlar ajratilishi rejalashtirilgan boʻlib, ushbu mablagʻlar suv inshootlari, elektr energiyasi, aloqa tizimi va gaz tarmogʻi bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etishga yoʻnaltiriladi.

    Oʻrganishlar jarayonida davlat dasturlari doirasida hududlarga ajratilayotgan pul mablagʻlarining manzilli sarflanishini taʼminlash, talon-tarojliklarning oldini olish maqsadida Bosh prokuror oʻrinbosari A.Mavlonov tomonidan viloyat, tuman va shaharlarda tashkil etilgan ishchi guruhlar aʼzolari bilan yigʻilish oʻtkazildi.

    Jumladan, Xorazm viloyati 3 kun davom etgan oʻrganishlar davomida dasturga kiritilgan 13 tuman-shaharlardagi mahallalarda tashkil etilgan shtablar tomonidan belgilangan vazifalarni toʻgʻri tashkil etish, har bir obyekt boʻyicha tizimli nazoratni taʼminlash masalalariga alohida etibor qaratildi.

    Bosh prokuror oʻrinbosari A.Mavlonov tomonidan ishchi guruhlar aʼzolariga har bir obyektda qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarining borishini kunlik oʻrganib, mavjud muammolarni joyida bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga zarur topshiriqlar berildi.