Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan O'zbekiston xalqiga yo'llagan bayram tabrigida ta'kidlaganlaridek: “Konstitutsiyamizning qoida va tamoyillaridan kelib chiqib, biz bundan to'rt yil oldin Harakatlar strategiyasini qabul qildik hamda keng ko'lamli va shiddatli demokratik islohotlarni boshladik. Ularning huquqiy asosini Konstitutsiyamizga 7 marta kiritilgan o'zgartirishlar, qabul qilingan 5 ta kodeks va 250 ga yaqin qonunlar tashkil etmoqda.

O'tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi, odamlarimizning dunyoqarashi butunlay o'zgargani, har bir yurtdoshimiz mamlakatimizning taraqqiyotiga munosib hissa qo'shayotgani Bosh qomusimizning hayotbaxsh qudrati va ulkan salohiyatidan dalolat beradi.

Ana shu ulkan salohiyatga tayanib, xalqimiz bugungi kunda murakkab sinovlarni mardona engib, yurtimizda erkin, obod va farovon hayot – yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lida fidokorona mehnat qilmoqda.

“YAngi O'zbekiston” degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda.

Konstitutsiyamiz yaratib bergan ulkan huquqiy imkoniyatlarning samarasi bo'lgan bunday yutuq va natijalar barchamizga albatta yuksak g'urur va iftixor bag'ishlaydi”.

“Har bir davlat o'z istiqlol va taraqqiyot yo'lini tanlar ekan, xalq farovonligini ta'minlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini o'zining Konstitutsiyasi – Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, o'z xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega bo'lgan mamlakat o'zi belgilagan yuksak marralardan hech qachon og'ishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.

Tarixga nazar solsak, asrlar davomida shakllangan ma'naviy-axloqiy qadriyatlar va insonning tabiiy huquqlari tsivilizatsiya jarayonlari natijasida Konstitutsiya shakliga kelganini ko'ramiz.

Konstitutsiya bashariyat hayotida ilk bor insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega bo'lish, ta'lim olish, mehnat qilish, saylash va saylanish kabi huquqlarini, so'z hamda e'tiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga ko'tardi”.

Ko'hna zaminimiz odamlari ko'nglida ustuvor bo'lgan adolat, haqiqat, iymon, olijanoblik, bag'rikenglik, mardlik, tantilik kabi ulug' xislatlar Konstitutsiyamizdan munosib o'rin olgan. U umuminsoniy g'oyalar – tenglik, erkinlik, birodarlik, xalqlar va millatlararo do'stlik, mamlakat va dunyo barqarorligi kabi eng ulug' g'oyalarga xizmat qiladi.

Uzoq asrlar davomida bashariyat ming-minglab qoidalar va nizomlardan jamiyat uchun asosiylarini va o'ta muhimlarini tanlab oldi. Aynan ana shu tanlab olingan qoidalar Konstitutsiyamiz yaratilishiga poydevor bo'ldi. Konstitutsiyada bayon etilgan tushunchalar shu qadar ahamiyatliki, hech bir odam ularsiz yashay olmaydi, negaki insonning har kuni duch keladigan muammolarni hal etishga qaratilgan faoliyati ko'pincha mamlakat asosiy qonuniga kiritilgan qoidalar va moddalarga bog'liqdir.

O'zbekiston mustaqillikka erishgach, o'z oldiga adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, huquqiy demokratik davlat qurish va xalqni farovon hayot sari olib borish kabi buyuk maqsadlarni qo'ydi.

Bosh qomusimiz muqaddimasida inson huquqlariga va davlat suvereniteti g'oyalariga sodiqlik tantanali ravishda e'lon qilinib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas'uliyat anglangan holda, o'zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanilib, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat namoyon etilib, xalqaro huquqning umume'tirof qilingan qoidalari ustunligi tan olingan holda, respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishini ta'minlashga intilib, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish ko'zlanib, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta'minlash maqsadida qabul qilingan.

SHu maqsadlarni ko'zlab qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi bugungi kunda mamlakatimizda suveren demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta'minlash, iqtisodiyotimiz rivoji va turmushimiz farovonligini yuksaltirishning asosiy huquqiy kafolati bo'lib kelmoqda...

Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli demokratik islohotlar, ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ro'y berayotgan barcha o'zgarish va yangilanishlar asosi, milliy qonunchiligimiz poydevori bo'lgan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi jahon hamjamiyatida zamonaviy demokratik qonunchilik namunasi sifatida e'tirof etilmoqda.

Mamlakatimizda davlatni jamiyatga, xalqqa xizmat qiluvchi institutga aylantirish, uning faoliyatini qonunlarga tayanib qurishga qattiq kirishilgan, desak xato bo'lmaydi. Fuqaro – jamiyat – davlat o'rtasidagi o'zaro munosabatning oqilona va adolatli huquqiy echimi Konstitutsiyadir.

Prezidentimizning “2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida ta'kidlanganidek, mamlakatimizda mustaqillik yillarida Konstitutsiyamizga tayangan holda amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibot, davlatimiz chegaralari daxlsizligi, jamiyatda qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklari, millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik muhitini ta'minlash uchun muhim poydevor bo'ldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi.

Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy yo'nalish va vazifalar esa Konstitutsiyada bayon etilgan demokratiya va insonparvarlik, xalqchillikka sug'orilgan me'yorlarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan bo'lib, Bosh qomusimizda tajassum topgan ezgu g'oyalarni ro'yobga chiqarishning o'ziga xos mexanizmidir.

Har ikki hujjatning zamirida demokratik qadriyatlarning ustuvorligi, inson huquqlarini ta'minlash oliy qadriyat sanalishi, hokimiyatning manbai esa faqatgina xalq ekanligi kabi qoidalar turibdi. Konstitutsiyada ana shu tamoyillar kontseptual jihatdan belgilangan bo'lsa, Harakatlar strategiyasida kontseptual normalar ijrosini ta'minlashning izchil mexanizmi ko'rsatilgan. Ushbu mexanizmlar esa, farmonda aytilganidek, har yilgi davlat dasturlari asosida takomillashib boraveradi.

O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzalarida davlatimiz rahbari, “Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan ko'ra samarali vosita yo'q”, deb ta'kidlab, ushbu yo'nalishda O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi uchun ham muhim vazifani belgilab bergan edilar. YA'ni, “SHuni aniq tushunib olish lozimki, jamoatchilik nazorati – bu faqatgina davlat idoralari faoliyati ustidan nazorat emas, balki jamiyatning o'zini o'zi boshqarish usuli, boshqacha aytganda, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omillaridan biridir”, deya ta'kidlab, shu o'rinda Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasiga ham har bir soha va tarmoq bo'yicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ta'sirchan tizimini yaratishga bosh-qosh bo'lish va tashabbus ko'rsatish taklifini bildirdilar. SHuningdek, “Jamoatchilik nazorati, birinchi navbatda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari, moliya, bank, ta'lim, sog'liqni saqlash, kommunal xo'jalik, energetika va transport sohalarida joriy etilishi zarur. SHuningdek, bozorlar va savdo majmualaridagi mahsulotlar va xizmat ko'rsatish sifati kabi masalalar ham doimo jamoatchilik nazoratida bo'lishi darkor”, dedilar.

O'zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to'g'risida”gi qonunida ham nodavlat notijorat tashkilotlar jamoatchilik nazoratining asosiy sub'ektlaridan biri sifatida belgilangan. SHu nuqtai nazarda, jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qo'shish uchun har bir fuqaro bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlar vakillarining ham faol bo'lishini ta'minlashni konstitutsiyaviy burchimiz va majburiyatimiz deb bilamiz.

Qolaversa, mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma'naviy salohiyatini va mudofaa qudratini yuksaltirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, davlatimiz sarhadlari daxlsizligini ta'minlash, jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlikni, millatlararo do'stlik va totuvlikni asrash, Asosiy qonunimizning hayotimizdagi o'rni va ahamiyatini keng targ'ib etishda barcha soha vakillari hamqadam bo'lishimiz kerak. YOsh avlod qalbida ona Vatanga mehr va sadoqat tuyg'ularini jo'sh urdirish, Konstitutsiyamiz va boshqa qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash asosiy burchimizdir.

Nasimjon ALIMOV,

O'zNNTMA Kengashi raisi,

O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo'mitasi

Siyosiy ta'lim markazi rahbari.