Bo'sh vaqt xush vaqtga aylanadi

    Ayni paytda xalq ta'limi tizimida 215 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyat ko'rsatyapti. Ulardagi mavjud 6 ming 218 ta to'garakka 174 ming 805 nafar o'quvchi jalb etilgan.

    Xalqimiz asrlar osha dunyo tamadduniga munosib hissa qoʻshgan alloma farzandlari, ular yaratgan boy ilmiy-maʼnaviy meros bilan boshqa millat va elatlar orasida hurmat-eʼtiborga sazovor boʻlib kelgan. Bugun mana shu anʼanani davom ettirish ehtiyoji yoshlar taʼlim-tarbiyasiga eʼtiborni oshirish va ularning boʻsh vaqtini sermazmun oʻtkazish borasida kun tartibiga yangi talablarni qoʻymoqda. Chunki yurtimizning ertangi tarixini bugun maktab partalarida oʻqib izlanayotgan oʻgʻil-qizlar bitadi. Ular ezgu ishlarimizni davom ettiradi.

    Shu maʼnoda yoshlarning darsdan tashqari vaqtidan ham unumli foydalanib, kelajagiga mustahkam poydevor qurishida maktabdan tashqari taʼlim muassasalarining ham oʻrni katta. Davlatimiz rahbari 13-aprel kuni yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishda bu xususda alohida toʻxtaldi. Jumladan, “Barkamol avlod” bolalar maktablariga oʻquvchilarni jalb qilish borasida bajarilayotgan ishlarni jadallashtirish va toʻgaraklar aʼzolari sonini 500 mingga yetkazish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi.

    Prezidentimizning yaqinda eʼlon qilingan “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga koʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish mexanizmi aniq-tiniq koʻrsatib berildi. Unga koʻra, hududiy hokimliklar bilan birgalikda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq filiallarini tashkil etiladi. Zamonaviy toʻgaraklarni ochilib, zarur uskunalar bilan jihozlanadi. Malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda umumtaʼlim maktablarining sport zallari va maydonlarida toʻgaraklar ochiladi. Yozgi taʼtil davrida yoshlar oʻrtasida mahallalar, sektorlar va tumanlar miqyosida sport hamda harbiy vatanparvarlik musobaqalarini tashkil etiladi. Mana shu imkoniyatlar oʻgʻil-qizlarning jismoniy va aqliy rivojlanishida muhim omil boʻladi.

    Ayni paytda xalq taʼlimi tizimida 215 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyat koʻrsatyapti. Ulardagi mavjud 6 ming 218 ta toʻgarakka 174 ming 805 nafar oʻquvchi jalb etilgan. Oʻgʻil-qizlar madaniyat va sanʼat, texnika, konstruktorlik va modellashtirish, jismoniy tarbiya va sport, hunarmandchilik va qoʻl mehnati, turizm va ekologiya yoʻnalishlari, oliy taʼlim muassasalari va maktabga tayyorlov kurslari, xorijiy tillar boʻyicha qamrab olingan.

    Shu kunlarda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan joylardagi talab va ehtiyojni oʻrganib chiqqan holda chekka va olis hududlardagi umumtaʼlim maktablarida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq toʻgaraklarini tashkil etish rejlashtirilmoqda. Jumladan, 2200 ta umumtaʼlim maktabida raqs, yogʻoch oʻymakorligi, robototexnika yoʻnalishi boʻyicha tarmoq toʻgaraklari ochiladi. Ushbu loyiha amalga oshirilsa, 540 ming nafardan ortiq oʻquvchini toʻgaraklarga qamrab olishga erishiladi.

    13-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida yoshlar bandligini taʼminlashda jonbozlik koʻrsatgan tadbirkorlar, tashkilotchi va rahbarlar ragʻbatlantirilishi maʼlum qilindi. Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish, mavjud muammolarni yechishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, mazkur muassasalarga uzoq yillar eʼtibor berilmagani sababli ular faoliyatida ancha muammo va kamchiliklar toʻplanib qolgani sir emas. Ushbu masalalarga yechim topishda hokimlar jalb etilgani, albatta, quvonarli hol.

    Prezidentimizning 2019-yil 30-sentyabrdagi “Xalq taʼlimi tizimidagi maktabdan tashqari taʼlim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2020–2024-yillar davomida 52 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabini ishga tushirish, xususan, 39 tasini yangidan qurish, 10 tasini rekonstruksiya qilish va 3 tasini mukammal taʼmirlash belgilangan. Bu saʼy-harakatlar toʻliq roʻyobga oshsa, toʻgaraklar sharoitini yaxshilash, oʻquvchi-yoshlar qamrovini oshirish, turli madaniy tadbirlarni koʻpaytirish imkoniyati yana-da kengayadi.

    Murod QORABOYEV,

    Xalq taʼlimi vazirligi

    boshqarma boshligʻi