Bosh vazir nomzodini koʻrib chiqish Qonunchilik palatasi vakolatiga oʻtkazilmoqda

    Mamlakatimizda 9 Mart 2023 638

    Bu oʻzgarish quyi palataning vakillik tabiatiga va ilgʻor xorijiy tajribaga toʻla mos keladi.

    Bosh vazir nomzodini koʻrib chiqish va maʼqullash, Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini koʻrib chiqish kabi vakolatlar bevosita xalq tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri saylanadigan Qonunchilik palatasi vakolatiga oʻtkazilmoqda. Bu oʻzgarish quyi palataning vakillik tabiatiga va ilgʻor xorijiy tajribaga toʻla mos keladi.

    Amaldagi tartibga koʻra, Bosh vazir nomzodini koʻrib chiqish faqat Qonunchilik palatasiga saylovda eng koʻp ovoz olgan partiya yoki partiyalar irodasiga bogʻlangan edi. Yangi taklif etilayotgan tartib orqali esa barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining nafaqat Bosh vazir nomzodini koʻrib chiqishda, balki butun Hukumatni shakllantirishdagi ishtiroki taʼminlanadi.

    Faoliyati qoniqarsiz deb topilgan vazirni lavozimidan ozod etish boʻyicha Qonunchilik palatasining Prezidentga taklif kiritish huquqining belgilanayotgani Hukumat aʼzolarining xalq vakillari oldidagi hisobdorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.