Oʻzgartirishlarga muvofiq Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosarining faoliyati investitsiya va tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish, respublikada qulay investitsiya muhitini saqlash, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalarini rivojlantirish, iqtisodiyotning real sektori mahsulotlarining eksport hajmlari hamda geografiyasini kengaytirish bilan bogʻliq masalalarni hal etishga yoʻnaltirilgan.

Bunda avval uning bevosita javobgarligiga kiritilgan davlat aktivlarini boshqarish, monopoliyaga qarshi siyosatni rivojlantirish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishni muvofiqlashtirish sohasiga bogʻliq masalalar qayta taqsimlandi.

Quyidagi vazifalar uning bevosita javobgarligidan chiqarildi:

  • bojxona organlari faoliyatining samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy AKTlarni joriy etish, bojxona toʻlovlarining toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash borasida bojxona organlarining faoliyati muvofiqlashtirilishi;
  • import qilinadigan mahsulot hajmlari va turlarining har tomonlama tahlil etilishini tashkil qilish, shu asosda importni yana-da qisqartirish, import bojxona bojlarini optimallashtirish, bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirishga doir takliflar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish;
  • butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish, mahalliylashtiriladigan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni oʻzlashtirish yuzasidan buyurtmalarni joylashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilishini tashkil etish;
  • Prezidentning hujjatlari yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida Oʻzbekiston hududida oʻziga xos tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziyalar berish ishlarini tashkil etish.

Yangi vakolatlar doirasida Prezidentning 18.08.2020-yildagi “Respublikada eksport va investitsiya salohiyatini yana-da rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6042-son Farmoniga asosan tashkil etilgan Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasining faoliyatiga rahbarlik qilish Bosh vazir oʻrinbosari zimmasiga yuklatildi.

Bundan tashqari, Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi boshligʻi va mutaxassislarining funksional vazifalarini taqsimlaydi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 31.12.2020 yildan kuchga kirdi.

Miryoqub Haydarov.