Xususan, parvarishxonalar soni va sig‘imi mavjud ehtiyojni to‘liq qoplamaydi. Ayrim hollarda shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan qarovsiz jonivorlarni ovlash, saqlash hamda o‘lgan hayvonlarni yo‘q qilish jarayonlarini tashkil etishda kamchiliklar kuzatilmoqda.

Bundan tashqari, ayrim fuqarolar hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishi holatlari qayd etilayotgani jamoatchilikning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur holatlarni inobatga olib, Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar Tuychiyev Toshkent shahar hokimi nomiga senator so‘rovi yubordi.

Unda Toshkent shahrida qarovsiz hayvonlarni saqlash va parvarishlashga mo‘ljallangan pitomniklar tashkil etish bilan bog‘liq muammolar, mavjud parvarishxonalarning soni va sig‘imi, ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘lar, masʼul idoralar o‘rtasidagi hamkorlik, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari va faollar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi rejalar yuzasidan asoslantirilgan maʼlumot taqdim etish so‘ralgan.