Maʼlum boʻlishicha, Yangiyer shahar, “Shodlik” MFY hududida joylashgan “GRILL BAR” kafesida uch nafar fuqaro ushbu kafe ofitsiantidan qoʻshni tumandagi mojaroning oʻchini olmoqchi boʻlgan.

Ular 23 yoshli kafe ofitsiantini tanasining turli joylariga shafqatsizlarcha qoʻllari bilan doʻpposlab, oyoqlari bilan tepib, yogʻoch jismdan foydalanib, tan jarohati yetkazgan.

Shuningdek, bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini koʻrgan boshqa fuqarolarga qarshilik koʻrsatgan holda, hodisa joyidan yashiringanlar.

Natijada, jabrlanuvchining oʻng qoʻl kichik barmogʻi yopiq sinishi, yuqori chap tomon ikkita tishlarining sinib tushishi, tanasining koʻplab shilingan jarohatlari bilan Sirdaryo viloyati Shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga murojaat qilgan.

Holat yuzasidan Yangiyer shahar IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan (bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini koʻrgan boshqa fuqarolarga qarshilik koʻrsatib sodir etilgan boʻlsa) jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Ushbu 19, 25 va 26 yoshli fuqarolar gumon qilinuvchi tariqasida jalb etilib, protsessual tartibda ushlanganlar.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilyapti, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.