Soliq imtiyozi, arzon kredit berilgani, eski qarzlar “muzlatilgani” hisobiga ular oyoqqa turayotgani taʼkidlandi. Bir yil oldin 133 ta boshqaruv kompaniyasi “ogʻir” toifada boʻlgan boʻlsa, hozir bunday kompaniya qolmadi.
Natijada yil boshidan 2 ming 100 ta koʻp qavatli uy taʼmirlandi, 1 millionga yaqin daraxt va gul koʻchatlari ekildi.
Bu borada Andijon, Surxondaryo, Navoiy viloyatlari va Toshkent shahrida sezilarli oʻzgarishlar boʻldi.
Yigʻilishda hamma joyda ham odamlar uylarni boshqarish sifatidan rozi emasligi qayd etildi.
Koʻplab boshqaruv kompaniyalari faqat koʻchalarni supurish va tozalash, joriy taʼmirlash bilan cheklanayapti. Lekin uylar atrofini obodonlashtirish, tom, ichki va sugʻorish tarmoqlarini soz holda saqlab turish kabi asosiy vazifalar eʼtibordan chetda qolib ketmoqda.
Yaqinda boshqaruv kompaniyalari xizmati uchun tarifning eng kam miqdori belgilandi. Endi boshqaruv va ekspluatatsiya sifati ham shunga yarasha boʻlishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Boshqaruv kompaniyalari aholi va kommunal tashkilot oʻrtasida “koʻprik” boʻlishi kerakligi qayd etildi. Bundan buyon ikki yildan oshmagan uylarda, yaʼni kafolat muddatida muammo chiqsa, pudratchi bilan birga ularni bartaraf qilishga masʼul boʻlishi belgilandi.