Mazkur yoʻnalishda qatnovning tashkil etilishi bilan dam olish kunlari togʻ yonbagʻrida maroqli hordiq chiqarish istagida boʻlgan poytaxtimiz aholisi uchun Boʻstonliq tumaniga qulay sharoitda borib kelish imkoniyati yaratildi.

Mazkur avtobus yoʻnalishining masofasi bir tomonga sal kam 83 km.ni tashkil etadi. Avtobuslar ushbu masofani 1 soat 35 daqiqada bosib oʻtadi. Ushbu yoʻnalishga Toshkent viloyati Qibray tumaniga qarashli “Toshkent viloyati shaharlararo yoʻlovchi tashish avtosaroyi” MCHJ tomonidan zamonaviy, barcha qulayliklarga ega boʻlgan YUTONG avtobuslarida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatiladi.

 

 

Harakatlanish jadvaliga muvofiq bir kunda 18 ta qatnov amalga oshiriladi. Har kuni soat 6-00 da ilk avtobus “Mashinasozlar metro bekati”dan yoʻnalishga chiqadi. Kun davomidagi oxirgi avtobus qatnovi “Yusufxona qoʻrgʻoni” dan soat 20-55 Toshkent shahri tomon yoʻlga chiqadi.

Ushbu yoʻnalishda yoʻlkira haqi 10 000 (oʻn ming) soʻm etib belgilangan.

Mazkur yoʻnalishdagi avtobus qatnovi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan “Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tumandagi mavjud muammolarni bartaraf etishni jadallashtirish choralari toʻgʻrisida” oʻtkazilgan yigʻilishda Transport vazirligiga yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlash doirasida tashkil etildi.