Mamlakatimizdagi eng uzun qorli trassalardan biri boʻlgan ushbu maskanda yangi mavsumning ochilishi munosabati bilan havaskorlardan tortib, professionallargacha boʻlgan sport ixlosmandlari jam boʻlishdi.
Taʼkidlash lozim, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishki sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda yangi davrni boshlab berdi. Buning natijasida hamyurtlarimiz uchun faqat togʻ-changʻisi va figurali uchish bilan emas, balki muz ustida xokkey, short-trek, snoubord kabi yoʻnalishlar bilan shugʻullanish imkoniyati kengaydi.
Yangi mavsumning boshlanishi munosabati bilan Amirsoy togʻ-changʻi kurortida qishki sport turlari ishqibozlari uchun ajoyib sovgʻa – ochiq osmon ostidagi muz maydoni foydalanishga topshirildi. Endi ushbu maskanda sport ixlosmandlari figurali uchish, konkida yugurish hamda kyorling bilan shugʻullanishlari mukin.
Yangi muz maydonining ochilish marosimida Boʻstonliq tumani hokimi Joʻrabek Ahmedov hamda Milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etdi. Shundan soʻng havaskorlar kyorling boʻyicha oʻz imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazishdi.