Bo'stonliq tumani hokimligi tashabbusi bilan o'tkazilayotgan tadbirda O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi hamda O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi vakillari ishtirok etishdi.
“Prezidentimizning Bo'stonliq tumanida alohida boshqaruv tizimini joriy qilish to'g'risidagi farmonida birinchi navbatda tumanda chiqindi tashlash va uni qayta ishlash bilan bog'liq vaziyat keskin tanqid qilindi. SHundan kelib chiqib, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi bilan birga maxsus dastur ishlab chiqqan. Unga ko'ra, qo'shimcha ravishda 11 alohida chiqindi yig'ish punkti tashkil qilinadi hamda 10 ta yangi mashina bilan ta'minlanadi. Bu Bo'stonliq tumani hududini chiqindilardan to'liq tozalash yo'lida xizmat qiladi. SHu bilan birga, alohida chiqindilarni yig'ish bo'yicha yirik poligon tashkil qilinmoqda”, - dedi Bo'stonliq tumani hokimi Jo'rabek Axmedov.
O'zbekiston Prezidentining “Bo'stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 6053-farmonida qayd etilishicha, Bo'stonliq tumanining asosiy qismi dam olish rekreatsion hudud bo'lishiga qaramasdan, chiqindilarni qayta ishlash, atrof-muhit va tabiiy resurslarni muhofaza qilish holati qoniqarsiz darajaga kelib qolgan.
Ta'kidlash joizki, Bo'stonliq tumanida turli dam olish maskanlari va dala hovlilari ko'p bo'lib, bu erga tashrif buyuruvchi mehmonlarning aksariyati Toshkent shahri, tuman hududlari va boshqa viloyatlarda istiqomat qiladi. Ularning ba'zilari atrof-muhit tozaligiga e'tibor qaratishmaydi, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlashadi, “Toza hudud” bilan shartnoma tuzishdan qochishadi, buning natijasida esa diqqatga sazovor joylar hamda ularning atrofidagi manzara yoqimsiz holatga keladi. ekologiya, tabiatni muhofaza qilish va chiqindilarni qayta ishlashga doir qonun-qoidalarga har bir inson rioya qilishi lozim. Bu o'sha insonning o'zi va atrofdagilarga bo'lgan hurmatidan dalolat beradi.
Ma'lum qilinishicha, talablarga rioya qilmagan kishilar ekoinspektsiya tomonidan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga asosan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlaganlarga nisbatan jarimalar qo'llaniladi. Hozirda aholi va mehmonlar orasida shu yo'nalishdagi targ'ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Turistik ob'ektlar hududiga chiqindi tashlaydigan urnalar qo'yilmoqda.
Bo'stonliq tumanidagi ekologik aktsiya 2020 yilning yakuniga qadar davom ettiriladi.