Ushbu ekopunkt Boʻstonliq tumanining Qoronkoʻl posyolkasida, Qoronkoʻl masjidi qarshisida joylashgan. Qolaversa, ekopunktda chiqindilarni qanday topshirish va bu tashabbus uchun qanday sovgʻalar olish mumkinligi haqida maʼlumot beruvchi banner ham oʻrnatilgan.
Nima qilish kerak?
— Boʻstonliq tumanida dam olgandan soʻng, yon-atrofdagi chiqindilarni yigʻib olish.
— Boʻstonliq tumanidan chiqishda yigʻilgan chiqindini topshirish va ramziy sovgʻa olish.
Nimalar uchun sovgʻa olish mumkin?
— Chiqindi topshirganlik uchun.
— Oʻzingizning va boshqalarning chiqindisi uchun.
— Saralangan chiqindi uchun.
Shu tariqa, topshirilgan chiqindiga qarab ishtirokchilar “Chorvoq” TRZ direksiyasi tomonidan sovgʻalardan tashqari professional instruktorlar bilan Ugam daryosida rafting uchun 15 foizlik chegirma hamda “Chorvoq” TRZ direksiyasining hamkorlaridan boʻlgan boshqa sovgʻalarga ega boʻladilar.
— Ekopunktlar chiqindilarning kamayishiga munosib hissa qoʻshadi. Boʻstonliq tumaniga bir dam olish kunida 45 mingdan ortiq odam tashrif buyuradi. Har bir kishi hech boʻlmasa bir dona shisha yoki yegulik oʻramini topshirsa, bu chiqindiga qarshi kurashdagi gʻalabadir. Fursatdan foydalanib, qiziqqan hamkorlarni ushbu aksiyada ishtirok etishga taklif qilamiz, — deydi “Chorvoq” TRZ direksiyasining strategik hamkorlik va xalqaro tashkilotlar bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Alina Abdurazzoqova.
Bu haqida Turizm va madaniy meros vazirligi xabar bermoqda.