Tumanda olib borilayotgan barcha ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning 9 oyli koʻrsatkichlariga koʻra Boʻston tumani reyting koʻrsatkichi 19.28 ball baholanib, sariq xududlar safidan chiqib, yashil xududlar qatoriga qoʻshildi.

Tumanning 2020-yilga moʻljallangan investitsiya dasturiga asosan umumiy qiymati 743,6 milliard soʻmlik investitsiya oʻzlashtirilishi hisobiga 31 ta loyiha ishga tushirildi. Qishloq xoʻjaligi sohasida qiymati 27,1 millard soʻmlik 15 ta loyiha amalga oshirildi. Unda 222ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Misol uchun, “Gulshan” MFY hududida "Shirin baliq koʻllari” MCHJ tomonidan 1 milliard soʻm mablagʻlar sarflanishi hisobiga baliqni qayta ishlab chiqarish loyihasi tashkil etilib, 35 nafar ishsiz aholi bandligi taʼminlandi. Ushbu dasturning asosiy yoʻnalishi hisoblangan qishloq xoʻjaligi sohasida 15 ta loyiha foydalanishga topshirildi.

Hisobot davrida 16 ta korxona eksport faoliyatiga jalb etildi va ular tomonidan 16,2 million AQSH dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilindi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda mahalliy mineral-xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qoʻshimcha qiymatga ega raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishni taʼminlaydigan zamonaviy korxonalar tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biroq oʻtgan davr mobiynida tumanni sanoat salohiyatidan toʻgʻri foydalanmagan holda birorta ham kichik sanoat zonalarini tashkil qilish ishlari amalga oshirilmagan.

Bu yoʻnalishdagi islohotlarni bardavomligini taʼminlash hamda tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, tumandagi “Koʻhinur” MFY hududidagi sobiq paxta qabul qilish punkti oʻrniga 2 gektar yer maydoniga kichik sanoat zonasini tashkil qilish maqsadida umumiy qiymati 9 milliard 600 million soʻmlik 21 ta loyiha tashabbuskorlarini joylashtirish hisobiga 135 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Boʻston tumani banklari tomonidan joriy yilda jami qariyb 26,2 milliard soʻm miqdorida tadbirkorlar uchun kredit mablagʻlari ajratildi. Jumladan, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi asosida 320 ta oilaga 8,8 milliard soʻm imtiyozli kreditlar ajratilishi hisobiga 487 nafar fuqarolar ish bilan taʼminlandi. “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi doirasida 785 million soʻm miqdorida kreditlar ajratilib, 35 nafar yoshlarni bandligi taʼminlandi. 165 nafar 11-sinf bitiruvchilariga 2 milliard soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratildi.

Oʻzbekiston massivi hududida “Shermuxammad Abdullayev” fermer xujaligi tomonidan 240 million soʻm mablagʻlar sarflanishi hisobiga tomchilab sugʻorish texnalogiyasi tashkil etish loyixasi amalga oshirilib, 4 nafar ishsiz axoli bandligi taʼminlandi.

Tumanda ehtiyojmand oilalarning “Temir daftar”i shakllantirildi. Dastlab 1 ming 271 ta oila ushbu daftarga kiritilgan boʻlsa, karantin munosabati bilan yana 190 ta oila ushbu roʻyxatga qoʻshildi. Tahlillar shuni koʻrsatdiki, oilalarning kam taʼminlangan yoki kambagʻallikka sabab boʻlishining eng asosiy sababi ishsizlik yoki kam daromadli ish bilan shugʻullanib kelayotganligidir.

Pandemiya sabab avvalgi ish joyini yoʻqotganlarning 67 nafari qayta ish joyiga tiklandi, 401 nafar fuqarolar esa, norasmiy sektorlarda bandligi taʼminlandi.

“Temir daftar”dagi oilalarning ijtimoiy qoʻllab quvvatlash va qoʻshimcha daromadga yoʻnaltirish maqsadida 729 ta oilalarga 49 ming 600 ta parranda, 133 ta oilaga 665 bosh quyon hamda 120 ta oilaga 240 bosh echki, 13 ta oilaga naslli qoramol tarqatildi. 124 ta oilaga subsidiya asosida 1 va 2 sotixli issiqxonalar qurib berildi.

Mazkur ishlarni amalga oshirilishi natijasida, bugungi kunda “Temir daftar”dagi oilalarning oylik daromadlari 3 million soʻmdan ortishi hisobiga 1 ming 75 ta oila aʼzolari doimiy daromadga ega boʻldi.
Chorvachilik yoʻnalishi boʻyicha, joriy yilda jami 21 milliard 176 million soʻmlik 6 ta loyihada jami 1 ming 124 bosh qoramol boqishni tashkil etish, shundan, 644 bosh qoramolni chetdan olib kelish hisobiga aholini yillik qoʻshimcha ravishda 436 tonna goʻsht va 2 ming 640 tonna sut mahsulotlari bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.

“Tongi neʼmat” fermer xoʻjaligi Qirgʻizistondan 300 bosh qoramol, “Baraka fayz” 100 bosh qoramol va “Yevro Ekfin” masʼuliyati cheklangan jamiyati Gollandiyadan 512 bosh, “21 asr istiqboli” masʼuliyati cheklangan jamiyati 32 bosh va “Flesh milk trade” fermer xoʻjaligi 100 bosh Germaniya davlatidan naslli qoramol olib kelindi. “Boʻz maxsus tomorqa xizmatlari” MCHJtomonidan 500 million soʻm kredit mablagʻlari ajratilishi hisobiga 600 bosh quyon olib kelinib, boqish yoʻlga qoʻyildi.

Boʻston tumanida qishloq xoʻjalik mahsulot ishlab chiqaruvchilarning oʻz mablagʻlari va kredit mablagʻlari hisobidan zamonaviy sugʻorish texnologiyalarini joriy etish ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda tumandagi 4 ta fermer xoʻjaliklari tomonidan 47 gektar paxta maydonlarida tomchilatib sugʻorish ishlari amalga oshirildi.
Sessiyada kelgusi yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar xususida ham maʼlumot berildi.