Xonanda Botir Qodirov mualliflik huquqini buzganligi uchun shoir Shamsiddin Sadoiyga jami 132 million soʻm miqdorida tovon puli va maʼnaviy zarar toʻlaydi.
Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Maʼlum qilinishicha, shu yilning iyun oyida shoir Shamsiddin Toʻrayev tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha Uchtepa tumanlararo sudiga mualliflik huquqlari buzilishiga chek qoʻyish, yaʼni mualliflik huquqi buzilishi oqibatida yetkazilgan maʼnaviy zarar va tovon puli (kompensatsiya) undirish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi kiritilgan.
Mazkur daʼvo arizasi boʻyicha fuqarolik ishi koʻrib chiqilib, sudning hal qiluv qaroriga asosan javobgar Botir Qodirovdan daʼvogar Toʻrayev Shamsiddin Xoʻjayevichning foydasiga BHMning 300 barobari yaʼni 112.500.000 soʻm miqdorida tovon puli hamda 20.000.000 soʻm maʼnaviy zarar undirilishi belgilandi.
Shuningdek, javobgar Botir Qodirov zimmasiga daʼvogar Shamsiddin Toʻrayevga muallifligidagi “Davlating borida”, “Omonat” va “Tingla doʻstim” nomli qoʻshiqlar ijrosini efirga uzatish, barcha ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish, Oʻzbekiston Respublikasidagi barcha davlat va nodavlat teleradiokanallarda, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa platformalarda har qanday tarzda foydalanishni darhol toʻxtatish (qatʼiy taqiqlash) majburiyati yuklatildi.
Maʼlumot uchun, qonunchilikka muvofiq muallif huquqbuzardan zarar qoplanishi oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon toʻlashini talab qilishga haqli hisoblanadi.








