Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2022-yil 2-fevraldagi PQ-112-son qarorida madaniyat va sanʼat sohasida isteʼdodli yosh ijodkorlarni izlab topish va qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilgan.
Shunga koʻra, ijrosini taʼminlash maqsadida Madaniyat vazirligi tomonidan tomonidan milliy estrada sanʼatining asoschilaridan biri, buyuk sanʼatkor, Oʻzbekiston xalq artisti Botir Zokirov xotirasiga bagʻishlab “Botir Zokirov nomidagi zamonaviy estrada qoʻshiqchilari tanlovi” respublika koʻrik-tanlovi eʼlon qilindi.
Ushbu koʻrik-tanlovning tuman-shahar bosqichlarida jami 2 000 nafardan ziyod isteʼdodli yoshlar ishtirok etgan boʻlsa, tanlovning hududiy saralash bosqichlarida 420 nafar iqtidorli va ijodkor yoshlar saralab olindi.
Koʻrik-tanlovning yakuniy saralash bosqichiga nufuzli Hakamlar-hayʼati tomonidan saralab olingan 45 nafar eng iqtidorli yoshlar “Turkiston” sanʼat saroyida oʻzlarining sanʼatlarini namoyish etdilar.
Mazkur koʻrik-tanlovning Hakamlar Hayʼati tomonidan gʻolib deb topilganlar bugun mana shu marosimda tantanali ravishda Madaniyat vazirligi tomonidan tayyorlangan diplom, statuyetka va pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar.