Respublika Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda keng jamoatchilik, diplomatik korpus vakillari, shoir-yozuvchilar, jurnalistlar, sanʼatkorlar va Zokirovlar sulolasi vakillari ishtirok etdi.
Ochiq osmon ostida tashkil etilgan musiqiy kechani Madaniyat vazirining birinchi oʻrinbosari Jamol Nosirov ochib berdi. Botir Zokirov hayot yoʻliga toʻxtalar ekan, uning abadiyatimizga qoldirgan boy maʼnaviy merosi xususida aytib oʻtdi. Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi munosabati “Botir Zokirov sanʼati davomchilari” Respublika koʻrik-tanlovining anʼanaviy tarzda oʻtkazilishi, Botir Zokirov nomidagi Oliy estrada maktabini tashkil etish, Botir Zokirovning ibratli hayoti haqida film suratga olish rejalashtirilganini maʼlum qildi.
–Botir Zokirov shunchaki qoʻshiqchi boʻlmagan, u shunchaki kuylamagan, –deydi Oʻzbekiston xalq artisti Farruh Zokirov. –U har bir sanʼat asariga umrini baxshida etgan. Har bir qoʻshiqni yurakdan, qalbdan his qilib kuylagan. U serqirra inson edi. Bastakor, sanʼatshunos...Samimiy va oʻta kamtar edi. Uning har biri qoʻshigʻida odamiylikning eng sara tuygʻulari ufurib turadi. Shuning uchun u yaratgan har bir qoʻshiq insonga oʻzgacha kayfiyat baxsh etadi. Men istardimki, estrada yoʻnalishiga qadam qoʻyayotgan har bir yosh nafaqat Botir Zokirov ijodini mukammal oʻrganishi qolaversa, uning shaxsiyatiga ham murojaat qilishi kerak. Chunki Botir Zokirov hayot yoʻlidan ibrat oladigan narsalar koʻp. U qoʻshiqni avval his qilgan, matnni anglashga harakat qilgan, maʼnosiz asar yaratishdan choʻchigan. Mana shu uchun ham Botir Zokirov ijro etgan qoʻshiqlar yillar oʻtsada muxlislar eʼtiborida.
Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi munosabati bilan “Botir Zokirov sanʼati davomchilari” koʻrik-tanlovida uchinchi oʻrinni Javohir Togʻayev, Diyora Jafarova, Kamron Mamadaliyevlar, ikkinchi oʻrinni Malika Hakimova, Jamol Murodovlarga, birinchi oʻrinni Umarshox Saidaliyevga topshirildi. Gʻoliblarga homiylar va tashkilotchilar tomonidan 10-12-15 million soʻm miqdordagi pul mukofotlari, qimmatbaho sovgʻalar va Botir Zokirov portreti tushirilgan esdalik sovgʻalar topshirildi.
Tanlov hakamlari va tadbir mehmonlari Oʻzbekiston xalq artistlari Farruh Zokirov va Nasiba Abdullayeva gʻoliblarni tabriklab, yigʻilganlarga gʻoliblar bilan birga Botir Zokirov qoʻshiqlarini kuylashdi.
Dilobar Asliddin qizi,
jurnalist