Boku shahrida Kavkaz mintaqasi sayyohligi sohasidagi eng yirik "19th Azerbaijan International Travel and Tourism Fair" yarmarkasi ochildi.

Koʻrgazmaning rasmiy ochilish marosimida Oʻzbekiston elchisi Bahrom Ashrafxanov ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Ushbu xalqaro koʻrgazmada Bolgariya “Bosh homiy” va Oʻzbekiston “Bosh hamkor” maqomi bilan ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Gruziya, Polsha, Belarus, Kuba va boshqa mamlakatlarning milliy pavilyonlari namoyish etilmoqda.

Qayd etish joizki, Kavkaz mintaqasining mazkur eng yirik yarmarkasida Oʻzbekiston ilk marotaba ishtirok etayotir. Koʻrgazmaning birinchi kunidayoq mamlakatimiz milliy stendi yuzlab mehmonlarni oʻziga jalb qilgani holda tadbirning eng milliy va eng koʻrkam pavilyoni, deya tan olindi.

Oʻzbekiston milliy stendida hunarmandchilik, kulolchilik, oʻymakorlik, kashtachilik kabi xalq amaliy sanʼati buyumlari, milliy liboslar, shuningdek, mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarimiz haqidagi videoroliklar namoyish etilmoqda.

Shu bilan birga, koʻrgazma sahnasida YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan “Lazgi” raqsi oʻzbek sanʼat ustalari tomonidan taqdim etilmoqda.

Koʻrgazmada ishtirok etayotgan sayyohlik kompaniyalar vakillari Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi aviaqatnovlar soni oshayotganidan mamnunligini va ozarbayjonlik sayyohlarning Oʻzbekistonga oqimi tobora ortib borayotganini bildirishdi.

Yarmarka bugun nihoyasiga yetadi.