Oʻtmishdan baxshilar yurti sifatida shuhrat topgan Surxondaryoda oʻtkazilayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga 2002-yil asos solinib, ilk “Boysun bahori” ochiq folklor festivali oʻtkazilgan. Unda mamlakatimizdagi folklor jamoalari oʻzlarining alohida dasturlari bilan ishtirok etgan. 2004-yilda toʻxtab qolgan ochiq osmon ostidagi nafis sanʼat bayrami 2017-yil qayta tiklandi.
Joriy yilda esa unga xalqaro maqom berib, har yili emas, ikki yilda bir marta oʻtkazilishini belgilandi. Endilikda “Boysun bahori” dunyo xalqlarini qadimiy goʻshada yagona ezgu maqsad yoʻlida birlashtiradigan soʻlim bahor bayramiga aylandi.
7-mayda Surxondaryo viloyatining Boysun tumani Padang kengliklarida boʻlib oʻtayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Vaziri oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov va bir qator rasmiylar ishtirok etdi.
Shuningdek, Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida oʻtkazilayotgan festivalda 30 dan ortiq xorijiy mamlakatlarning yurtimizdagi 150 nafardan ortiq rasmiylari qatnashdi. Festival ochilishida butun respublikamizning har bir hududidan hamda xorijdan kelgan folklor jamoalari oʻz chiqishlari bilan ishtirok etdi.
Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining bir guruh aʼzolari ham festivalda oʻz ijod namunalari bilan qatnashishni boshladi. Uyushmasi aʼzolari — rangtasvirchi rassomlar tomonidan Boysun tabiati va diqqatga sazovor maskanlar rangtasviri yaratiladi. Ushbu asarlar kelgusida koʻrgazma uchun muzeylarga begʻaraz taqdim etiladi.
Festivalning bugungi kunida folklor jamoalari oʻrtasida ular tayyorlab kelgan dasturlar boʻyicha oʻziga xos musobaqa boʻlib oʻtayapti. Ushbu musobaqa yakuniga koʻra folklor jamoalari tashkilotchilar tomonidan taqdirlanishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, festival qatnashchilari bugun oʻzbek milliy kurashi va uloq koʻpkari boʻyicha oʻtkazilayotgan musobaqalarni ham bevosita kuzatish imkoniyatiga ega boʻlgan, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.
6-mayda boshlangan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali 12-mayga qadar davom etadi.
Eslatib oʻtamiz, YUNESKO 2008-yilda Boysun tumanini, 2021-yilda baxshichilik sanʼatimizni Insoniyat nomoddiy-madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritgan.