Boysun davlat oʻrmon xoʻjaligi masʼul xodimlariga chora koʻrildi

    Yashil sayyora 26 Aprel 2023 1225

    Oʻrmonchilarga 1 million 500 ming soʻmdan jarima qoʻllandi.

    Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Boysun davlat oʻrmon xoʻjaligiga qarashli Kengdala oʻrmon boʻlimida mavjud boʻlgan Zarafshon archalari noqonuniy ravishda kesib ketilmoqda” mazmunidagi murojaatlar Tabiat resurslari vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasining tezkor guruhi tomonidan joyiga chiqqan holda oʻrganib chiqildi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

    Oʻrganishlar davomida Kengdala boʻlimining 2-aylanma 6-kvartalining “Tuya” massivida 2 tup oʻsuvchanligini yoʻqotmagan Zarafshon archasi tag qismidan, noqonuniy kesilgani, shuningdek, mazkur boʻlimning 3-aylanma 8-kvartalida 3 tup Zarafshon archalarining yon shoxlarini oʻsish darajasidan toʻxtamaydigan darajada shikastlantirilganlik holatlari aniqlandi.

    Bundan tashqari, Kengdala oʻrmon boʻlimining hududida tana oldi diametri 20 sm boʻlgan, 1 tup oʻsuvchanligini yoʻqotmagan Zarafshon archasining tag qismidan kesilgani aniqlangan. Boysun davlat oʻrmon xoʻjaligi Kengdala oʻrmon boʻlimi hududlarida yaratilgan koʻchatxonalar faoliyati oʻrganilganda oʻrmon boʻlimining 3-aylanma 8-kvartalidagi 2 ta koʻchatxona nazoratsiz qoldirilgani, oʻrmon xodimlarining oʻz ishiga sovuqqonlik bilan yondashishi oqibatida tashkil qilinishi lozim boʻlgan 70 foiz koʻchatlar joyida mavjud emasligi aniqlandi.

    Yuqorida qayd etilgan holatlarni sodir etgan 2-aylanma 6-kvartal oʻrmonchisi F.R.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 million 500 ming soʻm jarima qoʻlangan, bu harakat bilan oʻsimlik dunyosiga 2 million 700 ming soʻm zarar yetkazilgan.

    Shuningdek, 3-aylanma 8-kvartali oʻrmonchisi S.E.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan 1 million 500 ming soʻm jarima qoʻllangan, bu harakat bilan oʻsimlik dunyosiga 270 ming soʻm zarar yetkazilgan.

    Shu bilan birgalikda, 3-aylanma 8a-kvartal oʻrmonchisi B.E.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan 1 million 500 ming soʻm jarima qoʻllangan, bu harakat bilan oʻsimlik dunyosiga 1 million 950 ming soʻm zarar yetkazilgan.

    Kengdala oʻrmon boʻlimi hududlarida tashkil etilishi belgilangan koʻchatxonalar nazoratsiz qoldirilgani sababli mazkur boʻlim boshligʻi K.R.ga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 80-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, BHMning 10 barobari miqdorida jarimaga tortildi.

    Mazkur murojaat Boysun davlat oʻrmon xoʻjaligi tomonidan ham oʻrganilgan boʻlib, hududda huquqbuzarlik holatlari aniqlangan. Ushbu holat boʻyicha hozirda Oʻrmon xoʻjaligi vakolati doirasida taʼsir choralarini koʻrish ishlari olib borilmoqda.