Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi “Yuz.uz”ga xabar berdi.
Qayd etilishicha shu yilning14-sentyabr kuni taxminan soat 13:05 da minoradan chiqib turgan quvurning ustiga PVO (sizib chiqishga qarshi qurilma) oʻrnatilib, 15-sentyabr kuni toʻliq tizimni presslash oʻtkazildi. 15-sentyabr kuni soat 16:40 da Barit nomli maxsus eritma yuborildi va 16:50 lar chamasi minoradan va chiqaruvchi uskunalardan gaz chiqishi toʻxtatildi.
Hodisa oqibatlarini rejali bartaraf etish jarayoni maxsus tashkil etilgan shtab nazorati ostida amalga oshirildi. Vaziyatni professional baholash maqsadida voqea joyiga Oʻzbekiston, shuningdek, Rossiya va AQSHdan ekspertlar guruhi olib kelindi.
Taʼkidlanishicha, hodisa oqibatlarini bartaraf etish davomida aholi uchun hech qanday xavf boʻlmagan.
Barcha zarur chora-tadbirlar ochiq neft va gaz favvoralarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha Oʻzbekiston harbiylashtirilgan qismi, Oʻzbekiston Respublikasi FVV va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Ishlar barcha zarur texnika va uskunalar bilan toʻliq taʼminlangan holda olib borildi. Hodisa boshidan barcha zarur choralar koʻrilgan. Xususan, atrofda joylashgan aholi punktlarida havo muhitini oʻlchash va monitoring qilish uchun maxsus postlar oʻrnatildi.
“Mustaqillik-25” konini oʻzlashtirish alohida murakkabligi bilan ajralib turadi, bu yerda xalqaro tajribadan foydalaniladi va kuchaytirilgan xavfsizlik choralari koʻriladi, shu jumladan, xodimlarga doimiy yoʻl-yoʻriq koʻrsatiladi. Uglevodorodni qazib olish tobora murakkablashib bormoqda, bu esa doimiy ravishda yangi tajriba va koʻnikmalarni talab qiladi, — deyiladi xabarda.