Hodisa haqida 18-sentyabr kuni AOKAda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida Bosh prokuratura boshqarma boshligʻi Oʻktam Oʻtayev maʼlumot berdi.
Boysunda 1-sentyabr kuni “Mustaqillikning 25-yilligi” koniga qarashli quduqda burgʻilash ishlari vaqtida texnologik jarayonning buzilishi oqibatida oltingugurt gazi chiqishi kuzatilgan edi. Keyinroq mazkur kon yopilgani maʼlum qilingandi. Mazkur konda 17-sentyabr kuni yana gaz chiqish holati yuz bergan.
— Oʻlim holati boʻlgan. Voqea oqibatida ikki nafar shaxs vafot etgan. Yana tan jarohati olganlar ham bor. Hozir holat yuzasidan tergovoldi harakatlari olib borilmoqda. Voqea joyiga shaxsan viloyat prokurori tuman prokuraturasi va tegishli mutaxassislar ishtirokida yetib borgan. Bu texnogen holat boʻlgani uchun ham mutaxassislarning xulosasiga asoslangan holda qonuniy qaror qabul qilinadi, — dedi Oʻktam Oʻtayev.
Uning alohida taʼkidlashicha, aholiga kompensatsiya berish masalasida hech qanday muammo boʻlmaydi.
«Davlat rahbari tomonidan oʻsha kunning oʻzida hukumat komissiyasi tuzilgan. Komissiya tarkibida FVV, ekologiya, sogʻliqni saqlash, prokuratura va boshqa idoralar xodimlari boʻlgan. Hududdagi bir necha qishloqlar aholisi evakuatsiya qilingan va tegishli joylarga joylashtirilgan, — deya qoʻshimcha qildi u.