Bozor iqtisodiyotining alifbosi: buni yaxshi bilish va amalda qoʻllash qanday samara keltiradi?

    Erkin raqobatni shakllantirish, tadbirkorlarga yangi bozorlarni ochish, “yashirin iqtisodiyot” va korrupsiyani keskin kamaytirishda qaysi vosita bagʻoyat qoʻl keladi? Albatta, birja savdolari.

    Birjasiz bozor munosabatlarini tasavvur ham qilib boʻlmaydi. Chunki, talab va taklif, sof raqobat, kotirovka, zamonaviy axborot texnologiyalari uning faoliyat mohiyati va tarkibini belgilaydi.

    Bu, oʻz navbatida, tadbirkorlarning tovar resurslaridan erkin foydalanish imkoniyatlarining kengayishi, sogʻlom raqobatning rivojlanishini taʼminlaydi. Yana bir muhim jihati, tuzilgan bitimlarning bajarilishi kafolatlanadi va bu ishtirokchilarning shartnomaviy intizomini mustahkamlaydi.

    Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida milliy va xorijiy kompaniyalarning mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yuqori likvidli tovar aktivlari, shu jumladan, qora va rangli metallar, neft-kimyo mahsulotlari, shakar, un, don va boshqa tovarlarning oldi-sotdisi amalga oshiriladi. Ayrim vaziyatlarda yurtimizning ichki ishlab chiqarish salohiyati oʻsib borayotgan talabni toʻlaqonli qondirishi yetarli boʻlmay qolgan taqdirda ushbu mahsulotni import qilish masalaning ijobiy yechimlaridan biri, baʼzida esa yagona yoʻli hisoblanadi. Bu masalani ham shaffof va tezkorlik bilan hal etishda birja yordamga keladi.

    Tahlilchilar iborasi bilan aytganda, birja bu — bozor iqtisodiyotining alifbosi. Uni yaxshi bilish, samarali foydalanish doimo foyda keltiradi.

    Vaqtdan va naqddan yutish yoʻli

    Asl ildizi yunonchaga borib taqaladigan logistika soʻzi hisoblash, muhokama sanʼti, degan maʼnoni anglatadi va matematik mantiq tushunchasining sinonimi sifatida qaraladi. Biroq, bugungi davrga kelib, uning mohiyati va qamrov darajasi yangicha mazmun kasb etgan, aksar holda transportda yuk tashish infratuzilmasini oʻzida mujassam etadi.

    Har bir mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishida bu tizimining ahamiyati katta. Chunki, logistika ichki bozorda tayyor mahsulot va xomashyo harakatini optimallashtirish orqali tovar va xizmatlarning xaridorlar uchun qulay sharoit va arzon narxlarda yetkazib berilishini taʼminlaydi, bozordagi raqobatni ragʻbatlantiradi. Hisob-kitoblarga koʻra, transport sektoriga kiritilayotgan sarmoyalarning 1 foizga oshirilishi yuk tashish hajmining 0,94 foizga ortishiga imkon yaratadi.

    Prezidentining 2021-yil 17-martdagi “Yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binooan, monopol va davlat ishtirokidagi tashkilotlar tomonidan birja savdolarida sotilayotgan mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlari faqat elektron logistika savdo portali orqali auksion tartibida amalga oshirilishi belgilangan. Savdolar yakuni boʻyicha gʻolib yuk tashuvchini tanlash avtomatik ravishda amalga oshiriladi.

    Hujjat ijrosini taʼminlashga oʻsha yilning 1-sentyabridan kirishildi. Ayni paytda logistika portalida foydalanuvchilarni elektron tizimda roʻyxatdan oʻtkazish ham yoʻlga qoʻyildi. Xususan, hozirgi kunga kelib, tobora takomillashib borayotgan portalga 4 842 ta yuk tashuvchining 68 minga yaqin yuk mashinasi toʻgʻrisida maʼlumotlar joy olgan.

    2022-yilda birjaning mazkur portalda 12,8 milliard soʻmlik 7,4 mingdan ziyod shartnomalar tuzildi. Ular asosida 3702 buyurtmachiga 12,5 mlrd soʻmlik tashish xizmatlari koʻrsatildi. Buning natijasida ular tomonidan 1,5 milliard soʻm iqtisod qilinishi taʼminlandi.

    Yaqinda savdo ishtirokchilari uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida portalning E-logistics mobil ilovasi test rejimida ishga tushirildi.

    — Mazkur ilova orqali foydalanuvchilar logistika portalida amalga oshiriladigan barcha elektron savdolarga tegishli boʻlgan jarayonlarni boshqarish, buyurtmalarga narx takliflarini berish, zarur maʼlumot va shartnomalarni yuklab olishlari mumkin, — deydi Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi “UzEx innovatsion“ shoʻba korxonasi direktori Jasur Yunusov. — Yangi savdo ishtirokchilari uchun elektron raqamli imzo orqali onlayn tarzda roʻyxatdan oʻtish imkoniyati ham yaratilgan.

    Bundan tashqari, yuk tashuvchilar ilovada yoqilgʻi quyish shaxobchalari va boshqa zarur xizmat koʻrsatish obyektlarining manzillarini aks ettiruvchi interaktiv xaritadan foydalanishlari ham mumkin. Oʻz navbatida, tizimda roʻyxatdan oʻtishni istaganlar mobil ilovadan foydalangan holda, portalga joylashtirilgan buyurtmalar shartlari bilan toʻliq tanishish, xaritada tegishli yoʻnalishlarni koʻrish va amalga oshgan bitimlar xaqida maʼlumotlarni olish hamda mijozlarni koʻllab-quvvatlash markazi bilan bogʻlanish imkoniyatiga ega.

    Tez orada yuk ortirilgan transport vositalarning harakatlanishini mobil ilova orqali onlayn tarzda kuzatish xizmatining ishga tushirilishi ham kutilmoqda.

    Zamonaviy xizmat kafolatlari

    Davlatimiz rahbar 2022-yilning 17-may kuni tovar-xomashyo birjasida savdolarni koʻpaytirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda yil yakuniga qadar unga oʻz mahsulotini olib chiqadigan mahalliy tadbirkorlar sonini kamida 2 baravarga, mahsulotlar turini esa 5 baravarga oshirish vazifasini qoʻygan edi.

    Bu vazifa ortigʻi bilan ijro etildi. Respublika boʻyicha 1 249 ta sotuvchi korxonalar tomonidan (2022-yil boshiga nisbatan oʻsish 3,7 barobar) 1 220 turdagi (oʻsish 5,2 barobar) monopol va yuqori likvidli boʻlmagan mahsulotlar birja orqali sotildi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdulla Roʻziyetovning qayd etishicha, oʻtgan yilning birinchi yarmida mammlakatimizdagi mavjud 45 mingdan ziyod mahalliy sanoat korxonalaridan bor-yoʻgʻi 3 ming 600 tasi birjaga oʻz mahsulotini chiqarib kelgan. Albatta, bu juda kam. Shu bois, mahalliy mahsulotlarni birja savdolariga chiqarish tartibi soddalashtirildi.

    Yaʼni, oʻtgan yil 1-iyuldan birjada alohida istiqbolli tovarlar seksiyasi tashkil etilib, mahalliy tadbirkorlarning oʻz mahsulotini ortiqcha hujjatlarsiz sotishi yoʻlga qoʻyildi. Eng yaxshi sotilgan tovarlar, keyinchalik, birjaning asosiy savdo maydonlariga joylashtiriladigan boʻlindi. Mahalliy tadbirkorlarning mahsulotlari uchun birja toʻlovlari 2 baravarga qisqartirildi, soliqchilar tomonidan tadbirkorlarning birja orqali sotilgan yoki xarid qilingan tovarlari boʻyicha qoʻshimcha oʻrganish oʻtkazilmaydi.

    Xoʻsh, bu choralar amalda qanday natija berdi?

    — Oʻtgan yili Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida 100 mingdan ziyod yangi mijozlar roʻyxatdan oʻtkazildi va ular soni 2021-yilga nisbatan 1,5 marotabaga koʻpaydi, — deydi Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi Boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Zulfiddin Kamolov. — Ayni paytda tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratilishi natijasida ular tomonidan birjada sotilayotgan mahsulotlarning soni va hajmi ham oʻsdi. Masalan, tadbirkorlik subyektlari mahsulotlarini birjaning istiqbolli tovarlar seksiyasida sotish tartibi soddalashtirilganligi bois bu yoʻnalishda 1,1 trillion soʻmlik yangi 198 turdagi mahsulotlar sotilishiga erishildi.

    Prezidentimizning “Gʻallani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, un mahsulotlari joriy yil 1-iyundan, bugʻdoy esa 1-iyuldan boshlab ochiq birja savdolari orqali sotilishi belgilangan edi.

    Tabiiyki, gʻalla bozorining erkinlashtirilishi fermerlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Qaror boʻyicha sugʻoriladigan yerning har bir gektaridan 2,5 ming tonnadan bugʻdoyni birja orqali sotuvga chiqarishi belgilandi. Bu 500 ming tonnani tashkil etadi. Yetishtirilgan hosilning davlat buyurtmasidan ortiqcha qismi fermer, klasterlar ixtiyorida qoladi. Ular bu bugʻdoyni erkin bozor narxlarida sotishlari mumkin. Har yili jahon bozori, birja narxlaridan kelib chiqib gʻallaga tavsiyaviy narx ishlab chiqiladi.

    Oʻtgan yilda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 926,7 ming tonna bugʻdoy birja savdolari orqali sotildi. Shu jumladan, 7,7 mingdan ortiq fermer va boshqa bugʻdoy yetishtiruvchilarning oʻzlari yetishtirgan 545 ming tonna bugʻdoy birinchi marta ochiq birja savdolarida sotildi.

    — Buning sababi, fermer va klasterlarning erkin bozor “mevasi”ni tota boshlaganin koʻrsatadi, — deydi Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining Bosh makleri Islombek Ibragimov. — Chunki, ular davlat buyurtmasini bajargandan keyin oʻzlarida qolgan gʻallani brokerlar orqali birjaga qoʻyib kelishda davom etmoqda. Qolaversa, bugʻdoyni sotishda fermerlar birjaning komission yigʻimi va garov mablagʻlari toʻlovidan ozod etilgan.

    Un mahsulotini “Oʻzdonmahsulot” AJ korxonalari tomonidan ochiq birja savdolariga qoʻyilishi va sotilishi haqida ham shunday fikrlarni bildirish mumkin.

    — Prezidentimizning shu yil 28-mayda imzolagan qaroriga muvofiq, 1-navli un mahsuloti “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik jamityati korxonalari tomonidan ochiq birja savdolariga qoʻyilishi va sotilishi belgilandi,— deydi Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi boshqaruvi raisining maslahatchisi Mansur Toʻychiyev. — Oʻtgan davrda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan oʻtgan yilda jami 860,7 ming tonna un birja savdolari orqali sotildi.

    Aytish joiz, tovar bozorlarida narxlarning moʻtadil va barqaror ushlab turishning eng samarali usuli bu bozor vositalari va mexanizmlaridan foydalanish hisoblanadi. Birja esa mana shunday bozor mexanizm vazifasini bajaradi.

    Un va bugʻdoy bozorida taklif darajasi yetarli boʻlgani sababli birjaning ushbu bozorlarida narxlar barqarorligi saqlanib qolinmoqda. Oʻtgan davrda ushbu ikki mahsulot boʻyicha birjada shakllangan oʻrtacha narxlar ularning boshlangʻich qiymatlariga nisbatan oʻsishi oʻrtacha 1-3 foiz atrofida qayd etildi.

    2022-yil davomida birjaning boshqa tovar segmentlarida ham barqaror holat saqlanib turdi Xususan, birjaning mis, polietilen, polipropilen va suyultirilgan gaz mahsulotlari oʻrtacha sotilish narxlari 2021-yilga nisbatan deyarli oshmadi.

    Ayni paytda birjada paxta tolasining oʻrtacha narxi oʻzining maksimal darajasiga nisbatan — 43 foizga, paxta yogʻi ham shuncha foizga, shakar — 30, sulfat ammoniy, texnik chigit — 28, qora metall — 16 va bugʻdoy – 5 foizga pasaydi.

    Birjada savdolar nafaqat ichki bozorlarda, balki xorijiy korxonalar ishtirokida ham bitimlar tuziladi. Buning uchun 2022-yilda Polsha, Turkiya, Ozarbayjon va Tojikiston kabi mamlakatlarda birjaning yangi xorijiy savdo maydonchalari ochilib, ularning soni 34 taga yetkazildi.

    Ularning faollashuvi natijasida oʻtgan yili Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida 501,3 mln AQSH dollarlik tashqi savdo bitimlari tuzildi. Shu jumladan, Qozogʻistonda tashkil qilingan 7 ta savdo maydonchalari orqali 905,2 ming tonna bugʻdoy va 224,1 ming tonna un mahsulotlari sotildi.

    Bundan ikki yil oldin davlat xaridlari shaffofligini taʼminlash hamda buyurtmachi va yetkazib beruvchilarning bu sohada ishtirokini soddalashtirish maqsadida birja davlat xaridlari elektron tizimining operatori sifatida xarid.uzex.uz savdo tizimini ishga tushirdi.

    Unda davlat xaridlarning barcha turlari birlashtirildi va mahsulotlarning barcha parametrlarini aks ettiruvchi tovarlar va xizmatlarning yagona klassifikatori joriy qilindi.

    — Davlat buyurtmachilari va yetkazib beruvchilar uchun birjaning davlat xaridlari boʻyicha etender.uzex.uz elektron savdo tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan 15 foiz miqdorida preferensiya qoʻllash va tuzilgan shartnomalarga qoʻshimcha kelishuv tuzish imkoni yaratilgan, — deydi Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi matbuot xizmatining rahbari Hikmatullo Tillaboyev. — Mazkur tizimda mijoz va ishtirokchi oʻrtasida ochiq elektron chat hamda bitimlar bajarilishini kafolatlashni zakalat mablagʻlari bilan birga, garov yoki kafillik shaklida taʼminlash boʻyicha yangi tartib ham qoʻllanilyapti.

    2022-yil yakunlariga koʻra, davlat xaridlari boʻyicha elektron savdo tizimi xarid.uzex.uz da jami 36,7 trillion soʻmlik 1 milliondan ziyod bitimlar tuzildi. Ularning hajmi 2021-yilga nisbatan 3,3 marotabaga oʻsdi.

    Davlat xaridlari boʻyicha oʻtkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining mablagʻlarini tejalishi 2021-yilga nisbatan 3,4 marotabaga oʻsib, 5,8 trillion soʻmni tashkil qildi.

    Yana bir eʼtiborga molik jihat, avtoraqam.uzex.uz elektron savdo tizimida 304,1 milliard soʻmlik 118 mingdan ziyod avtoraqamlar shaffof onlayn-auksionlar orqali sotildi.

    Prezidentimizning 2022-yil 24-noyabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlarida birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish hamda birja savdolarini tartibga solish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosini taʼminlash doirasida xorijiy ekspertlar va konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Unda birjaning yangi elektron birja savdolari va kliring tizimlarini joriy etish, davlat xaridlari, elektron tijorat va elektron logistika portallarini takomillashtirish rejalashtirilgan.

    Tadbirkorlarni birja savdolari va davlat xaridlarida ishtirok etishini yengillashtirish, birja orqali sotiladigan mahsulotlar roʻyxatini va xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirish, eksport-import savdo hajmlarini oshirish ishlari izchil davom ettiriladi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi