Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida

    Hukumat 4 Iyun 2024 1285

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

    “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘zda tutilgan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish, shu jumladan, milliy iqtisodiyotning mavjud salohiyatini ro‘yobga chiqarish, uning global ishlab chiqarish

    va qo‘shilgan qiymat zanjiriga integratsiyasini yanada chuqurlashtirish, erkin bozor tamoyillarini amalda tatbiq etishni kengaytirish hamda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligiga erishishni jadallashtirish maqsadida:

    1. Qonunchilik bilan taqdim etilgan quyidagi maxsus (eksklyuziv) huquqlar bekor qilinsin:

    a) 2025 yil 1 yanvardan boshlab:

    “O‘zmetkombinat” AJнинг respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) huquqi;

    “O‘zikkilamchiranglimetall” AJнинг respublika hududida rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash va eksport qilish huquqi;

    “O‘ztreyd” AJнинг konsignatsiya shartlarida oziq-ovqat uni va bug‘doyni, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari, dehqon va fermer xo‘jaliklari mahsulotlarini bank kafolatlari yoki siyosiy va tijorat xavflaridan eksport shartnomalarini sug‘urtalash polislarini taqdim etmasdan eksport qilinadigan mahsulotlarni savdo uylari manzillariga tushirish huquqi;

    “O‘zkimyoimpeks” МЧJнинг “O‘zkimyosanoat” AJ tashkilotlari kimyoviy mahsulotlari eksporti hamda ularning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo

    va materiallar importini amalga oshirishdagi yagona agent huquqi;

    b) 2026 yil 1 iyuldan boshlab:

    “UzGasTrade” AJнинг tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish bo‘yicha yagona operator sifatidagi huquqi;

    “O‘zenergosotish” AJнинг elektr energiyasining eksporti va importini markazlashgan tartibda amalga oshirish huquqi.

    2. Belgilansinki, 2025 yil 1 yanvardan boshlab:

    qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdo faoliyatlarini litsenziyalash tartibi joriy etiladi;

    mobil va (yoki) simli telekommunikatsiya tarmoqlariga ega O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritadigan telekommunikatsiya operatorlariga tezkor-qidiruv faoliyati, axborot va kiberxavfsizlik tizimlari talablariga to‘liq rioya qilgan holda sinov tariqasida xalqaro Internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish huquqi beriladi.

    Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Energetika vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2024 yil 1 sentyabrga qadar qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, tabiiy gaz va elektr energiyasining ulgurji va chakana savdosi tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    Raqamli texnologiyalar vazirligi 2024 yil 1 oktyabrga qadar axborot va milliy xavfsizlikning to‘liq ta’minlanishini nazarda tutgan holda telekommunikatsiya operatorlarining sinov tariqasida xalqaro Internet tarmoqlariga o‘z tijorat ehtiyojlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanishi va bosqichma-bosqich boshqa operatorlarga xalqaro Internet kanallarini tashkil etish bo‘yicha xizmatlarni ko‘rsatish tartibini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    3. 2026 yil 1 yanvardan boshlab birja savdolarida sotib olingan mis katodi va mis katankasini eksport qilishga cheklovlar bekor qilinsin. Bunda mis katodi va mis katankasi eksporti quyidagi shartlar asosida amalga oshirilishi belgilansin:

    eksportga yo‘naltirish maqsadida birja savdolarida xarid qilingan mis katodi va mis katankasi xarid narxiga belgilangan chegirma hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan to‘lovni kechiktirish imtiyozi qo‘llanilmaydi;

    mis katodi va mis katankasini “eksport” bojxona rejimiga joylashtirish uchun uning eksportga yo‘naltirilgan hajmiga nisbatan birja savdolari xarid narxiga qo‘llanilgan chegirma summasi qaytarilganligi hamda to‘lovning kechiktirilgan qismi to‘liq to‘langanligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining ma’lumotnomasi taqdim etilishi shart.

    4. Transport vazirligi hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2024 yil 1 sentyabrga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

    2024 yil 1 oktyabrdan boshlab bosqichma-bosqich 2025 yil 1 aprelgacha respublika hududida temir yo‘l transportida yuk tashishda taqdim etilayotgan chegirmalar berish amaliyotini bekor qilish;

    temir yo‘l orqali yuklarni tashishda eksport va import tashish xizmatlari uchun tariflarni 2030 yilgacha bosqichma-bosqich birxillashtirish.

    5. 2026 yil 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni bilan tartibga solinadigan korporativ buyurtmachilar tomonidan amalga oshiriladigan xaridlarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalar, shu jumladan, mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining DDP (O‘zbekiston) narxidan 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi preferensiyasi hamda mahalliy ishlab chiqarilgan elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlarga nisbatan 20 foizgacha narx preferensiyasi bekor qilinsin.

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2024 yil 1 noyabrga qadar ushbu banddan kelib chiqib, tegishli qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    6. Belgilansinki, davlat xaridlarini amalga oshirishda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash maqsadida 2025 yil 1 yanvardan boshlab:

    byudjet buyurtmachilari tomonidan, shu jumladan, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan tuziladigan shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar tegishli tartibda G‘aznachilik xizmati bo‘linmalarida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan (hisobga olingandan) so‘ng amalga oshiriladi;

    davlat buyurtmachilari bo‘lgan davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari zimmasiga davlat xaridlarini amalga oshirishda sohaga oid qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etilishi, shuningdek, davlat xaridlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklanadi;

    belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, ish hujjatlari, loyiha-smeta hujjatlari) mavjud bo‘lmaganda yoki loyiha hujjatlarini tayyorlash qurilish-montaj ishlari bilan parallel ravishda olib borilganda, konsolidatsiyalashgan byudjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalar, shuningdek, davlat banklari va davlat ishtirokidagi korxonalar hisobidan xarajatlarni amalga oshirish va ishlarni bajarish taqiqlanadi.

    7. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda etil spirti importi operatsiyalarini Jahon savdo tashkiloti bitimlari qoidalari asosida tartibga solish yuzasidan 2024 yil 1 sentyabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga takliflarni kiritsin.

    8. Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining Subsidiyalar va kompensatsiya choralari to‘g‘risidagi bitimiga (ASCM) muvofiqlashtirish maqsadida 2024 yil 1 oktyabrga qadar:

    Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilayotgan subsidiya va preferensiyalarni, shu jumladan, tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlar bo‘yicha foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid imtiyozlarni 2025 yil 1 yanvardan bekor qilishni, shuningdek, JST qoidalari bilan ta’qiqlanmagan qo‘llab-quvvatlash choralarini;

    Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Adliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda samarasi past bo‘lgan soliq va bojxona imtiyozlarini 2025 yil 1 yanvardan bekor qilishni nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilinadigan va ishlab chiqariladigan aksiz solig‘i to‘lanadigan tovarlar uchun aksiz solig‘i stavkalarini quyidagi eng oxirgi muddatlargacha bosqichma-bosqich birxillashtirsin:

    2026 yil 1 yanvar – tamaki mahsulotlari uchun;

    2027 yil 1 yanvar – alkogol mahsulotlari va shakar uchun.

    10. Milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining Savdo bilan bog‘liq investitsiya choralari to‘g‘risidagi bitimga (TRIMs), shu jumladan, mahalliylashtirish yoki eksport qilish bo‘yicha majburiyatlarni qo‘llamaslik talablariga moslashtirish maqsadida 2024 yil 1 avgustga qadar:

    Energetika vazirligi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan barcha mahsulot taqsimotiga oid bitimlarning to‘liq xatlovini;

    Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Adliya vazirligi, Energetika vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda “O‘zavtosanoat” AJ bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan imzonlangan barcha investitsiya bitimlari xatlovini yakuniga yetkazsin va ularning yakunlari bo‘yicha aniq takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

    11. O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan bojxona boji, yig‘imlari va qiymatini Jahon savdo tashkilotining Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitimi (GATT 1994) talablariga moslashtirish maqsadida:

    2025 yil 1 yanvardan boshlab joriy etiladigan bojxona yig‘imlarining fiskal maqsadlarda undirilmasligi belgilansin;

    Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ayrim turdagi tovarlarni eksport qilishda undiriladigan yig‘imlarni qayta ko‘rib chiqib, 2024 yil 1 avgustga qadar tegishli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

    Bojxona qo‘mitasi 2024 yil 1 avgustga qadar bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    12. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya (J.Xodjayev) 2024 yil 1 avgustga qadar:

    savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi (MFN) nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoxud ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan bojxona bojlarini qo‘llash bo‘yicha amaldagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqib, uning samaradorligini oshirish yuzasidan takliflarni;

    import bojxona bojlari stavkalarining qo‘llanilishi samaradorligini oshirish va shaffofligini ta’minlash maqsadida amaldagi bojxona tariflarini O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 2022 yilgi tahririga muvofiqlashtirish bo‘yicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    13. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiyaning Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralari to‘g‘risidagi bitimi (SPS Agreement) talablaridan kelib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi markaziy apparatida 3 ta shtat birligidan iborat sanitariya va fitosanitariya choralari bo‘yicha Axborot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

    Bunda Axborot markaziga 2 ta shtat birligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining bittadan shtat birligini maqbullashtirish hisobiga ajratilishi belgilansin.

    14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 1-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

    15. 2025 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlari 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

    16. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    17. Bosh vazir o‘rinbosarlari J.A.Xodjayev va J.A.Qo‘chqorov:

    mazkur farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib belgilansin;

    har oy yakuni bilan amalga oshirilayotgan ishlarni Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishlarida birgalikda muhokama qilib borsin.

    18. Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh. MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2024 yil 3 iyun